San'at Umarov qamoqqa olindi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot xizmati Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida gumonlanuvchi ayolni tahqirlagan ichki ishlar organi xodimi kapitan San'at Umarov ishi bo‘yicha ma'lumot berdi.
«Kun.uz»ga ma'lum qilishlaricha, San'at Umarov ayni vaqtda qamoqqa olingan.
«Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 206-moddasi (hokimiyat yoki mansab vakolati doirasidan chetga chiqish) 1-qismi va 235-moddasi (qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda ayblanayotgan San'at Umarov (1988 yilda Samarqand viloyatining Samarqand tumanida tug‘ilgan, millati o‘zbek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi, ma'lumoti – oliy, oilali, muqaddam sudlanmagan) ga nisbatan Samarqand viloyat prokuraturasining «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash to‘g‘risidagi iltimosnomasi ko‘rib chiqildi va qanoatlantirildi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudining 2018 yil 6 iyuldagi ajrimiga mufoviq ayblanuvchi San'at Umarovga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi», deyilgan xabarda.
4 iyul kuni «Ozodlik» radiosi Kattaqo‘rg‘ondagi shov-shuvli voqea haqida videoyozuv tarqatdi. Unda Kattaqo‘rg‘onda militsiya xodimi o‘g‘irlikda gumon qilingan bir ayolni qip-yalang‘och yechinishga majbur qilgani tasvirlangandi. Ichki ishlar xodimi ayolni shu ahvolda ko‘chaga haydamoqchi bo‘ladi va bu jarayonni videoga oladi. Keyinroq gumondor ayol qo‘yib yuborilgan. Ayol 22 iyunga kelibgina ushbu holat yuzasidan huquq-tartibot organlariga ariza yozadi.
Bu voqeaga birinchi bo‘lib Bosh prokuratura munosabat bildirdi va San'at Umarov ushlangani va unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini qo‘llash masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma'lum qilindi.
«Bu — chidab bo‘lmas holat. Qanday lavozim yo unvonda bo‘lishdan qat'i nazar bunday harakatga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi», degandi Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Surayyo Rahmonova.
Keyinroq Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlaridan biri Rasul Kusherbayev voqeaga munosabat bildirdi: «Ular o‘g‘ri deb gumon qilingan ayolni emas, butun boshli millatni, xalqni, davlatni yechintiribdilar. Qonunlarimizni, orimizni, erkak degan nomimizni oyoqosti qilibdilar».
Kattaqo‘rg‘ondagi vaziyat yuzasidan bosh vazir o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Tanzila Norbayeva ikki bor fikr bildirdi. U qo‘mita kelajakda bunday holatlar ro‘y bermasligi uchun IIV bilan muzokara o‘tkazayotganini ma'lum qildi.
Eng oxiri bo‘lib O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi bayonot berdi. Unda kattaqo‘rg‘onlik ayolning tahqirlanishi bilan bog‘liq videodagi «salbiy holatlar» vazirlik xodimi tomonidan sodir etilganini tan olingan. Shu bilan birga San'at Umarov — ichki ishlar organlari safiga tasodifan kirib qolgan nopok xodimligiga urg‘u berilgan.
«Ichki ishlar vazirligi rahbariyati tomonidan bunday salbiy holatlarni aniqlash, oldini olish va ichki ishlar organlari saflarini nopok, tasodifan kirib qolgan xodimlardan tozalash maqsadida, doimiy ravishda keskin choralar ko‘rib boriladi», — deyiladi bayonotda.
Mavzuga oid
23:25 / 09.11.2024
Samarqandda Qurolli kuchlar xizmatchisi, soliqchi, Milliy gvardiya va kadastr xodimlari pora bilan ushlandi
15:06 / 01.11.2024
Samarqand viloyatida isitish mavsumi 1 noyabrdan boshlandi
10:59 / 25.10.2024
Samarqand viloyati aholisi 4,3 mln kishiga yaqinlashdi
15:49 / 02.10.2024