Jamiyat | 22:56 / 08.07.2018
75202
7 daqiqa o‘qiladi

O‘zini ikki farzandi bilan soyga tashlagan ayol ruhiy kasal edimi?

O‘tgan oyning 25 iyun kuni Jalaquduq tumanida bo‘lgan mudhish hodisadan so‘ng voqeaga oydinlik kiritishni maqsad qildik.

Xabaringiz bor, Respublika Bosh prokuraturasi 26 iyun kuni bergan ma'lumotga ko‘ra, 2018 yil 25 iyun kuni soat 10:30 larda 27 yashar ayol A. beliga arqon bilan 2 nafar farzandini (7 yashar qiz va 3 yashar o‘g‘il) bog‘lab, o‘zini Andijon viloyati, Jalaquduq tumani hududidan oqib o‘tgan «Shahrixonsoy» kanaliga tashlagan, ularni fuqaro B. va boshqalar suvdan chiqarib olgan. A. ning hayoti saqlab qolingan, lekin voyaga yetmagan farzandlari M. va Sh. lar voqea joyida vafot etgan.

Mazkur holat yuzasidan Jalaquduq tuman prokuraturasi tomonidan A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 97-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ayni paytda tergov harakatlari davom etayotgani uchun voqeaning bor tafsilotlari to‘la aniqlangani yo‘q.

Ayol kelin bo‘lib tushgan “Osuda hayot” mahallasidagi xonadonidagilarni bo‘lib o‘tgan hodisa yuzasidan biror fikr olish umidida savolga tutishni ilojisi bo‘lmadi. Chunki ular karaxt holatda ekan. Ayol voyaga yetgan “Beshkaram” mahallasidagi ota uyida ham xuddi shu holat.

Tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi rahbari Malikaxon Yusupova bilan suhbat davomida shu narsalar aniq bo‘ldiki, mudhish jinoyatga qo‘l urgan ayolning oilasi tumandagi “notinch oilalar” ro‘yxatida ham bo‘lmagan. Tumanda bunday oilalar soni 110 tani tashkil qiladi. Turmush o‘rtog‘i, muntazam ravishda chorva boqish bilan shug‘ullanib keladi. Vafot etgan 7 yoshli qiz farzandi, tumandagi 25 – maktabning birinchi sinfida ta'lim olar edi. Marhum uch yoshli o‘g‘li esa, daun sindromi bilan tug‘ilib, davolanayotgan bo‘lgan.

O‘sha kuni ayol 3 yoshli o‘g‘lini kasalxonaga olib borish maqsadida tuman markaziga yo‘l oladi. So‘ng bozorga kirib arqon sotib olgach, ikki farzandini o‘ziga bog‘lab suvga tashlagan. Bu holatdan qarindosh-urug‘lari ham hayron. Chunki ayolning har ikki xonadoni o‘ziga to‘q oilalar ekan. Tuman mutasaddi vakilining aytishicha, butun Jalaquduqni larzaga solgan holat bo‘yicha har ikkala oila bilan o‘tkazilgan suhbat davomida, ayolning ba'zida eri bilan janjallashib, ota uyiga ketib qolish holatlari aniqlangani aytildi. Ota-onasi uni o‘z uyiga borib yashashini so‘rashgan. Har qanday ota-ona o‘z farzandini turmushi buzilishini xohlamaydi. Hozir tergov ishlari ketayotgan vaziyatda ayolning ruhiy holati juda yomon holatda ekan.  Hayotning eng og‘ir zarbasiga, ya'ni o‘z farzandlari qotiliga aylangan ayolning holati boshqacha bo‘lishi ham mumkin emasligi aniq. Ko‘ngilsizliklar oqibatida tinmay ota uyiga ketib qoladigan ayolning oilasi “notinch oila” ro‘yxatiga qo‘shilib, alohida e'tiborga olinmagani ham muammoli holat. Mahalla fuqarolar yig‘inidagi mutasaddilar holatni real baholay olmagan bo‘lsalar kerak.    

Tuman hokimi o‘rinbosarining, mulohazali katta hayot tajribasiga ega ayol ekanligi ko‘rinib turibdi. Hududda xotin-qizlarning dard va quvonchlariga sherik bo‘lib, qator ishlarni amalga oshirayotganidan ham boxabarmiz. U kishining joylarda qishloq ayollari kelib, o‘z dardini aytadigan Markazlar tashkil qilish yuzasidan aytganlari ham jo‘yali fikrlar.

Suhbat davomida mutasaddi ayol bilan: “500 dan ziyod xonadon istiqomat qiladigan “Osuda hayot” mahallasida ishlab chiqarish korxonasi va boshqa ish joyining o‘zi yo‘q. Ayollar uchun ishlash uchun bittagina jabha bor. U ham bo‘lsa dala.  Inson jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lib mehnat qilsa, muqim ish joyiga ega bo‘lsa, mana shunday holatlarning oldi olingan bo‘lar edi”, degan fikrimiz bir yerdan chiqdi. Mudhish voqeaning kelib chiqish sabablari haqida o‘nlab omillarni keltirishimiz mumkin. Hodisa balki, ayolning ruhiy holati oilasidagi tushunmovchilik ortidan junbushga kelgan paytida  yuzaga kelgandir... Bu holat hali ko‘p tahlil qilinadi. Tergov jarayonida ham asl sababga oydinlik kiritish uchun imkoniyat tug‘iladi.

 “Bo‘lar ish bo‘ldi” - bir oila ikki murg‘ak farzandidan ayrildi.  Endi boshqa onalarni ana shunday falokatdan asrashga, avaylashga urinishimiz lozim. Ularning ruhiy holati - oilasida farovon yashashi bilan ham bog‘liq.                                                        

                                                                                                 O‘z muxbirimiz

Mavzuga oid