O‘zbekiston | 01:08 / 11.07.2018
21400
4 daqiqa o‘qiladi

«Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasi tashkil etilmoqda - Prezident qarori

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Buxoro-agro» erkin iqtisodiy zonasini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.

Qaror tashqi bozorlarda talab katta bo‘lgan, yuqori qo‘shilgan qiymatli raqobatbardosh mahsulotlar yetishtirishni ta'minlaydigan zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlarni shakllantirish, shuningdek, Buxoro viloyatining ishlab chiqarish hamda resurs salohiyatidan kompleks va samarali foydalanish, shu asosda yangi ish o‘rinlari tashkil etish hamda aholi daromadlarini oshirish maqsadida qabul qilinmoqda.

«Buxoro-agro» EIZning asosiy vazifalari va faoliyati yo‘nalishlari quyidagilardan iborat:

  • zamonaviy issiqxona xo‘jaliklarini, jumladan, gidroponika texnologiyalarini qo‘llagan holda, klaster usuli asosida tashkil etish uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy va mahalliy investitsiyalar jalb etish, shuningdek, zamonaviy energiya tejovchi issiqxonalar qurish uchun konstruksiyalar, jihozlar va boshqa butlovchi buyumlar ishlab chiqarishni tashkil etish;
  • hududning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan samarali foydalanish asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqarishni kengaytirish, qayta ishlashni chuqurlashtirish va ularning eksport hajmini oshirish;
  • qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning urug‘dan to mahsulotni bozorga yetkazib berishgacha bo‘lgan to‘liq jarayonini tashkil etishni rag‘batlantirish;
  • ko‘chatzorlar, shuningdek, birlamchi urug‘chilikni tashkil etish uchun sharoitlar yaratish orqali issiqxona xo‘jaliklarini talabi katta, yuqori hosildorlikka ega bo‘lgan qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘ va ko‘chatlari bilan ta'minlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;
  • logistika xizmatlari ko‘rsatishning zamonaviy infratuzilmasini shakllantirish, qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish sub'yektlariga ular tomonidan yetishtirilgan mahsulotlar eksportini tashkil etishda ko‘maklashish;
  • issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etishda zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni, muqobil issiqlik energiyalardan foydalanishni keng joriy etish;
  • ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarni standartlashtirish, sertifikatlashtirish va markirovka qilish bo‘yicha xalqaro standartlarga muvofiq ilmiy-ishlab chiqarish markazlari tashkil etish va ularning xulosalari xalqaro darajada e'tirof etilishini ta'minlash chora-tadbirlarini ko‘rish;
  • issiqxona xo‘jaliklari sohasida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashda, jumladan, ular tomonidan “Buxoro-agro” EIZ hududida faoliyat yuritayotgan korxonalarda ishlab chiqarish amaliyotini o‘tashda ishtirok etish.

«Buxoro-agro» EIZning faoliyat ko‘rsatish muddati u tashkil etilgan kundan boshlab, mazkur muddatni keyinchalik uzaytirish imkoniyati bilan 30 yilni tashkil qiladi.

EIZning faoliyat ko‘rsatishi muddati mobaynida uning hududida alohida soliq va bojxona rejimlari amal qiladi.

«Buxoro-agro» EIZ hududida amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirish xalqaro moliya institutlari, loyiha tashabbuskorlari mablag‘lari, jumladan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, shuningdek, tijorat banklari kreditlari va qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.

Bunda loyiha tashabbuskorining loyihani amalga oshirish uchun jalb etilayotgan o‘z mablag‘lari miqdori tegishli loyiha umumiy qiymatining 25 foizidan kam bo‘lishi mumkin emas.

Mavzuga oid