Jamiyat | 01:16 / 13.07.2018
119148
2 daqiqa o‘qiladi

40 yil ichida ilk bor dunyodagi eng katta jonzot o‘ldirildi

Yo‘qolib ketish xavfi ostida bo‘lgan, dunyodagi eng katta jonzot hisoblanuvchi ko‘k kit oxirgi 40 yil ichida birinchi bor o‘ldirildi. 30 metrlik kit Islandiyaning eng boy odamlaridan biri Kristyan Loftssonga tegishli kit ovlovchi Hvalur HF kompaniyasi tomonidan ushlanib, o‘ldirilgan.

Internetda kit ovlovchi kompaniya xodimlari kitning ustiga navbatma-navbat chiqib suratga tushayotganlari videosi joylashtirilgan. 

Loftssonning ta'kidlashicha, uning xodimlari ko‘k kitni emas, balki Islandiyada ovlanishi man etilmagan fin kitini tutishgan.

“Biroq agar bu haqiqatan ko‘k kit bo‘lsa, unda ular uni tasodifan o‘ldirishgan”, deb aytgan tadbirkor.

Foto va videolarni ko‘zdan kechirgan biologlarning ta'kidlashicha, aynan ko‘k kit o‘ldirilgan. Ularning aytishicha, o‘ldirilgan kitning belida ko‘k kitga xos bo‘lgan oq dog‘larni ko‘rish mumkin. Bu masaladagi yakuniy nuqtani Islandiya mutasaddi idoralari qo‘yadilar. Ular kitni genetik tekshiruvdan o‘tkazishni buyurtirishgan va bu bir necha oy talab qilishi mumkin.

1986 yildan boshlab ko‘k kitlarni ovlash barcha davlatlarda noqonuniy hisoblanadi. Bunday taqiqlovga ularning beayov yo‘q qilinishi sabab bo‘lgan. Antarktika suvlarining o‘zida 20-asrda 360 ming ko‘k kit yo‘q qilingan.

Bugungi kunda ushbu jonzotlardan 10 mingdan 25 minggacha bor, deb taxmin qilinadi.

Ko‘k kit sayyoramizdagi eng ulkan jonzot bo‘lib, uning uzunligi 33 metrgacha, og‘irligi 150 tonnagacha yetadi.

 

Mavzuga oid