O‘zbekiston | 19:33 / 13.07.2018
19757
2 daqiqa o‘qiladi

Chet elda ishlab turib O‘zbekistonda stajga ega bo‘lish mumkin

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligi boshlig‘i Ravshan Ibragimov jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida chet elda ishlagan holda, O‘zbekistonda stajga ega bo‘lish   haqida ma'lumot berdi. Bu haqda Kun.uz muxbiri xabar bermoqda.

Foto: O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

«Endilikda agentlik tomonidan Koreya, Rossiya, Turkiya, Polsha, Qozog‘iston, Latviya, BAA, Ummon sultonligi, Yaponiya, Chexiya kabi qator davlatlariga mehnat qilish maqsadida jo‘nab ketayotgan fuqarolarimiz bir yil davomida EKIHning 4,5 baravari miqdorida pensiya jamg‘armasiga mablag‘ o‘tkazsa, ularga bir yillik staj yoziladi.

Bu bizda yangi tizim hisoblanadi. Avvallari  EKIH miqdoridagi summani oyma-oy bir yil ichida  to‘lashgan. Lekin hamma ham bundan xabardor bo‘lmagan va ko‘plab tushunmovchiliklarga sabab bo‘lgan», deydi Ravshan Ibragimov.

Shu bilan bir qatorda tadbirda Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligi faoliyati, sohada amalga oshirilayotgan muhim yangiliklar taqdim etildi. Jumladan, Agentlik xorijda ishga joylashish uchun murojaat qilgan fuqarolarimizga tegishli maslahatlar beradi.

Malaka oshirish uchun pullik va tekin 3 va 6 oylik  kurslar mavjud. So‘ng o‘qishni tugatgan tinglovchilarga sertifikat topshiriladi. Ushbu hujjat yuqori maoshli ishda mehnat qilish imkoniyatini yaratib beradi.

Mavzuga oid