Jamiyat | 14:20 / 15.07.2018
49428
4 daqiqa o‘qiladi

Moskva qamoqxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi sud hukmidan norozi bo‘lib ochlik e'lon qilgan

Moskvadagi «Matrosskaya tishina» qamoqxonasida saqlanayotgan O‘zbekiston fuqarosi Ma'rufjon Shakarov norozilik sifatida bir oydan buyon ovqatlanishdan bosh tortyapti, deb yozmoqda «Moskovskiy komsomolets» gazetasi.

«Matrosskaya Tishina»da ushbu 21 yoshli yigit bir oydan buyon ovqatlanishdan bosh tortmoqda. U ochlik e'lon qilganini butun dunyo kuzatayotgani yo‘q. Agar u vafot etadigan bo‘lsa, butun Yevropa norozilik bildirmaydi, bu haqda hech kim gapirmaydi. Moskva shahar sudi uning ozodlikdan mahrum etilish muddatini ikki baravarga – 10 yildan 5 yilga kamaytirgan, ammo yigitni faqatgina oqlov qutqara oladi. Bizning davrimizda bunga erishish qiyin, shuning uchun SIZO xodimlari u bilan xayolan vidolashishmoqda», – deb yozadi nashr.

Ma'rufjon Shakarov oxirgi paytda shu darajada zaiflashib qolganki, zo‘rg‘a gapiradi. Na SIZO ma'muriyati, na tibbiy xodimlar uni ochlikni bas qilishdan qaytara oldi. Toshkentdagi aviatsiya texnikumini bitirgan, ushbu yigit fuqaro aviatsiyasi institutiga kirish va uchuvchi bo‘lish orzusida Rossiyaga kelgandi.

Hammasi bundan bir yil avval, yoz kunida yigitni politsiya patruli to‘xtatganidan boshlandi. Politsiyachilarning aytishlaricha, Ma'rufjon qochishga uringan, uni ushlashganida esa yonida giyohvand moddalar solingan yettita tuguncha bo‘lgani aniqlangan.

O‘z navbatida Shakarov ikki politsiyachiga hujjatini ko‘rsatganini, uchinchi politsiyachi ham hujjatlarni ko‘rmoqchi bo‘lganida e'tiroz bildirganini ta'kidlamoqda. Orada mojaro kelib chiqqan va politsiyachilar Shakarovni kamsitib, millatchilik qilishgan. U esa mehmonlarga nisbatan hurmatda bo‘lish lozimligini aytgan. Oxir-oqibat uni olib ketishgan va jinoiy ish qo‘zg‘atishgan.

«O‘zbekistonlik yigitning aybini isbotlaydigan dalillar esa yetarli emas. Faqatgina uning telefonidagi «Telegram» messenjerida Ma'ruf yonidagi moddalarni yetkazib berishi mumkin bo‘lgan joy fotosuratlari bo‘lgani aytilgan. Keyinroq barcha fotosuratlar (37ta) telefondan yo‘qolib qolgan. Ularni hatto ayblanuvchining o‘ziga ham ko‘rsatishmagan», – deb yozadi gazeta. 

Nashrning ma'lum qilishicha, SIZO tibbiyot qismi boshlig‘i ekspertiza xulosasi bilan tanishgan. U ham, psixiatrik ekspertiza ham yigitda giyohvandlik belgilarini topmagan.

Shakarovning shikoyatini apellyatsion tartibda ko‘rib chiqqan Moskva shahar sudi giyohvand modda tarqatishga urinish moddasini shaxsiy maqsadda iste'mol qilish uchun giyohvand modda saqlash moddasiga qayta tasniflagan va jazo muddatini ikki martaga qisqartirgan. Shakarov to‘liq oqlanmagunga qadar ochlikni to‘xtatmaslikni bildirmoqda.

«Mening oqlanishimga yordam bering, men ota-onam va yaqinlarimga yordam berishim, orzuimga erishish uchun oliy ma'lumot olishim kerak, Rossiyaga qamoqxonada o‘tirish uchun kelmaganman», - deya murojaat qilgan Ma'ruf Shakarov «MK» tahririyatiga.

Mavzuga oid