Jamiyat | 14:30 / 19.07.2018
106656
10 daqiqa o‘qiladi

Oqlangan sobiq ichki ishlar xodimining nogironligiga sabab MXX tergovimi?

Joriy yilning 12 iyun kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Qiziriq tuman sudida B.Mamadaminov raisligida ochiq sud majlisi o‘tkazildi. Sudlanuvchi J.Begimqulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari (mansab soxtakorligi) bo‘yicha jinoyat ishlari ko‘rib chiqildi. 

Kun.uz`ga ma'lum bo‘lishicha, sudlanuvchi J.Begimqulov Angor tuman IIB XChK va FR (xalq tilida “pasport stol”)da katta inspektor lavozimida ishlab kelgan. Dastlabki tergov organi hujjatlariga ko‘ra, bo‘linma boshlig‘i I.Qobilov, inspektor A.Abdurahimov “Agrobank”ning Angor tumani filiali maxsus kassa kassiri S. Usmonov bilan oldindan til biriktirib, biometrik pasportlarni  rasmiylashtirib berish va qo‘llanilgan jarimalarni to‘langanligini soxtalashtirish, fuqarolar tomonidan to‘lanadigan jami 166 198 035 so‘m pulni kirim qilmasdan, ushbu pul mablag‘larini o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-taroj qilgan, deya gumon qilingan ekan.

Ushbu masala yuzasidan Surxondaryo viloyat Nazorat taftish boshqarmasi tomonidan 2016 yil 29 aprelda dalolatnoma tuzilgan. 

Sud majlisida J.Begimqulov aybga umuman iqror bo‘lmadi. J.Begimqulov 2016 yil 20 sentabrga qadar ichki ishlar tizimida katta inspektor lavozimida ishlaganligi, haqiqatan ham tekshirish o‘tkazilganligi va 166 198 035 co‘m pul mablag‘lari topshirilmaganligi aniqlanganligi, ammo uning hech qanday aybi yo‘qligini aytgan. Fuqarolardan davlat bojini olib qolish va kvitansiya to‘ldirish hamda pul tushumi yuzasidan bank bilan solishtirma o‘tkazish uning vazifasiga kirmaganligi, shaxsan o‘zi fuqarolik pasportlari uchun topshiriladigan davlat bojlarini qabul qilib olmaganligi va kvitansiya to‘ldirmaganligi, ushbu vazifalar maxsus kassa xodimlariga yuklatilganligini aytgan. Kassadagilar bank g‘aznasiga topshirishi lozim bo‘lganligi, u faqat boshliq ustxati qo‘yilgan hujjatlar va kvitansiyalarni rasmiylashtirganligini aytgan.

Ayblanuvchining so‘zlari sudda bir necha guvohlar tomonidan tasdiqlangan. 

Shuningdek, J.Begimqulovning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yil 20 sentabrda uni va hamkasbi A.A.ni Surxondaryo viloyati IIB XChK va FRB faoliyati kuratori, MXX xodimi X.T. chaqirib olib, shu yerda ularni haqorat qiladi. Unga kiyimlarini yechishni aytishadi. Boshiga urishganda u hushini yo‘qotgandi. So‘ng kafel yopishtirilgan yer to‘lada ekanini bilib qolganligini, uning oldiga MXX xodimlari 6 kishi deyarli har kuni soat 23:00dan keyin kelib, qo‘l-oyoqlarini bog‘lab, badaniga tan jarohatlari yetkazib, kimga pora berganini va kimdan pora olganini aytaverganligi, lekin hech kimga pora bermaganini va hech kimdan pora olmaganini aytganida ham, MXX xodimlari yana urish va qiynashni davom ettirishadi. MXX xodimlari unga nisbatan doimo jismoniy va ruhiy tazyiqlar o‘tkazadi, oyoq tovonlarini igna bilan teshishadi, turmush o‘rtog‘ining nomusiga tegish va boshqa tahdidlar bilan qo‘rqitishadi. 

Oqibatda J.Begimqulov 1-guruh nogironi bo‘lib qoladi. So‘ng MXX xodimlari noilojlikdan unga tekshirishda aniqlangan bank xodimlarining o‘zlashtirishini bo‘yniga qo‘yganligi, lekin o‘zining ko‘rsatuvlarida bu holatni ham inkor etib, so‘roq bayonnomalariga o‘zi imzo chekkanligi, biror bir so‘roqda himoyachi qatnashmaganligi va o‘zi himoyachini umuman ko‘rmaganligini aytgan. Ko‘pchilik so‘roq bayonnomalariga o‘zi imzo qo‘ymaganligi, ushbu holatni xatshunoslik ekspertizasi ham aniqlaganligi, kassir unga tuhmat qilayotganligi va bankda aniqlangan o‘zlashtirishga aloqasi yo‘qligi sababli oqlashni so‘rab ko‘rsatuv bergan. 

Sud majlisida guvohlarning ko‘pchiligi J.Begimqulovning ko‘rsatuvlarini tasdiqlagan. Xususan, guvoh X. M. dastlabki tergovdagi va birinchi bosqich sudidagi ko‘rsatuvlarini qisman tasdiqlashini, chunki MXX xodimlari unga agarda J.Begimqulovning fuqarolardan pul olmaganini aytsang, seni ham unga sherik qilib bir umrga qamatamiz deganligi, pullarni kassaga kirim qilinmasdan o‘zlashtirilganligi haqida ko‘rsatuv bergan.

Sud majlisida J. Begimqulovning turmush o‘rtog‘i N. Usmonova oldingi ko‘rsatuvlarini qisman tasdiqlashini, chunki stress holatida bo‘lib, MXX xodimlari unga bir necha hujjatlarga imzo qo‘ydirib olganligi, turmush o‘rtog‘i ishlayotgan paytida uyga faqat oylik maoshini olib kelganligi, ortiqcha pullar olib kelmaganligini, MXX xodimlari uyida tintuv o‘tkazib hech narsa topmaganligi, ular tomonidan turmush o‘rtog‘iga jismoniy va ruhiy bosim o‘tkazganligi sababli 1-guruh nogironi bo‘lib qolganligi haqida ko‘rsatuv berib o‘tgan.   

Yuqoridagi ko‘rsatmalarni o‘rgangan holda, jinoyat ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyat Qiziriq tuman sudi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonining 2-bandiga asosan, protsess ishtirokchilari va ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini qo‘llagan holda, shuningdek, o‘z tasdig‘ini topmagan ko‘rsatuvlardan, taxmin, faraz yoki mish-mishlarga asoslangan ko‘rsatuvlardan dalil sifatida foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligini keltirib o‘tgan. 

Sud majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Ekspert-kriminalistika bosh markazining 2018 yil 20 apreldagi 361-sonli sud-xatshunoslik ekspertizasi xulosasiga asosan, 2016 yil 20 sentabrdagi yuzlashtirish, 2016 yil 11 oktabrdagi ayblanuvchini ko‘shimcha so‘roq qilish, jinoyat sodir etishda gumon qilingan shaxsni J.Begimqulov yolg‘on ko‘rsatuv berishga qodir emasligi, haqiqatga to‘g‘ri keladigan obektiv ko‘rsatuvlar berayotganligi, ya'ni real sodir bo‘lgan voqealarni so‘zlayotganligi ko‘rsatilgan.

Sud o‘rganish natijasida keltirilgan dalillar nomaqbul bo‘lib, yuridik kuchga ega bo‘lmay, ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas, deb hisobladi.

Qonunchilikka ko‘ra, ya'ni Jinoyat-protsessual kodeksining 464-moddasiga muvofiq, sud sudlanuvchiga qo‘yilgan ayblov o‘z tasdig‘ini topmasa, ushbu Kodeksning 83-moddasiga asosan sudlanuvchini oqlaydi deyilgan. Ya'ni, J. Begimqulovga nisbatan ayblovlar o‘z tasdig‘ini topmadi.

Shunday qilib, jinoyat ishlari bo‘yicha Qiziriq tuman sudining xukmiga binoan, qonunchilikka amal qilgan holda, Begimqulov Jahongir Toxirovich O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” va “b” bandlari bandlari (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilish) va 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlarida (mansab soxtakorligi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybsiz deb topildi va oqlandi.

Berilgan ko‘rsatuvlar bo‘yicha J.Begimqulov va boshqa shaxslarga tazyiq va qiynoq o‘tkazgan deya aytilgan MXX xodimlari va boshqa jinoyatda gumonlanayotgan shaxslarga nisbatan harbiy prokuratura tomonidan jinoyat ishi ochilgan bo‘lib, ayblari tasdiqlangan shaxslar qonun oldida, albatta, javob berishlariga ishonamiz.

Xalqimiz “o‘t balosi, suv balosi, tuhmat balosidan asrasin”, deya duo qiladi. O‘t va suv balosining azobi tushunarli. Lekin tuhmat balosi ham jismonan, ham ruhan azoblar ekan. Agar buning uchun har xil tazyiqlar va qiynoqlar ham qo‘shilsa, qanday qo‘rqinchli tus olishiga ochig‘i ko‘pchilikning tasavvur darajasi ojizlik qiladi.

J.Begimqulov va ayoli ham tuhmat balosidan qancha azob ko‘rganligini o‘zingiz ko‘z oldingizga keltiravering. “Xaqiqat egiladi, lekin sinmaydi” degan naql bejiz aytilmaganidek, oila ham sabr-bardosh bilan adolat uchun oxirigacha kurashdi. Bunday metin iroda egalari jamiyat va xalq orasida hurmatga sazovor, bizningcha. So‘zimiz yakunida, J.Begimqulovning sog‘ayib ketishini, oilasi esa avvalgidek bekami-ko‘st oilalar qatorida bo‘lishini tilab qolamiz.

Mavzuga oid