O‘zbekiston | 00:59 / 23.07.2018
41377
2 daqiqa o‘qiladi

Koreyaga ketayotgan mehnat muhojirlari shartnomani buzganlik uchun oyiga 1500 dollardan jarima to‘laydigan bo‘ldi

Joriy yildan Koreya Respublikasiga mehnat qilish uchun ketayotgan fuqarolar uchun yangi tartib joriy etilmoqda. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari Kun.uz'ga ma'lum qildi.

Avvaldan belgilangan tartibga ko‘ra, fuqarolar va koreyalik ish beruvchilar o‘rtasida 4 yilu 10 oy muddatga mo‘ljallangan mehnat shartnomasi tuziladi. Biroq barcha mehnat migrantlari ham bu muddat oxiriga qadar ish joylarida qolishayotgani yo‘q.

«Ba'zi fuqarolarimizning shartnomadagi ish joyiga va oylik maoshiga qanoatlanmay, ishdan ketib qolish hollari kuzatilmoqda. Vaholanki, bir joyda mehnat qilsa, maosh ham muttasil oshib boradi. Bunday munosabat ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikka salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin», - dedi Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi rahbari Ravshan Ibragimov.

Avvalgi qoidalarga binoan, agar mehnat muhojirlari Koreyada shartnomasini bekor qilib, ish joylarini o‘zgartirishsa, 1000 AQSh dollari miqdoridagi bir martalik jarima to‘lashga majbur bo‘lishardi. Endilikda bunday holatlar kuzatilganda xodim shartnoma muddati oxiriga qadar qolgan har oy uchun 1500 AQSh dollar miqdorida jarimaga tortiladigan bo‘ldi.

Ma'lumot uchun, Koreya Respublikasiga O‘zbekistondan tashqari yana 15 ta davlat o‘z fuqarolarini mehnat qilish uchun yuboradi. Agentlik rahbarining ta'kidlashicha, yangi tartib mazkur davlatlar tajribasini o‘rgangan holda joriy qilinmoqda. Xususan, Vetnam xuddi shunday vaziyatlar uchun 3000 dollarlik jarima belgilagan.

Mavzuga oid