Sport | 09:13 / 24.07.2018
6013
2 daqiqa o‘qiladi

Amerikalik 6 karra Olimpiya chempioni doping sababli musobaqalardan chetlashtirildi

Foto: Martin Meissner/AP

Amerikalik suzuvchi, 6 karra Olimpiya chempioni Rayan Loxte aksildoping qoidalarini buzgani uchun AQSh aksildoping agentligi (USADA) tomonidan 14 oyga musobaqalardan chetlashtirildi. Sportchiga xususiy klinikalardan birida ruxsat berilgan vosita kiritilgan, biroq uning dozasi mumkin bo‘lgan miqdordan oshib ketgan.

Qoidalarga ko‘ra, vena orqali istalgan tibbiy vositaning 12 soatda 100 mldan oshuvchi dozasini qabul qilish davolash istisnosi mavjudligidagina mumkin. Loxteda esa bunday ruxsat bo‘lmagan.

Suzuvchi o‘z aybini to‘liq tan olgan va tergovga ko‘mak ko‘rsatgan. 33 yoshli sportchi 24 maydan boshlab chetlatilgan hisoblanib, 2019 yil 24 iyuldan yana musobaqalarda ishtirok etishga qaytishi mumkin. Shu sababli Loxte 2019 yilgi jahon chempionatini o‘tkazib yuborishiga to‘g‘ri keladi.

Loxte Rio-de-Janeyrodagi Olimpiadada o‘g‘rilik haqida yolg‘on ko‘rsatmalar bergani uchun 9 oyga chetlatilgandi. 

U o‘sha Olimpiadada AQSh terma jamoasi tarkibida 4x200 metrga estafetada oltin medalni qo‘lga kiritgandi. U, shuningdek, Afina Olimpiadasida bitta oltin, Pekin va London Olimpiadalarida ikkitadan oltin medal olishga muvaffaq bo‘lgan. Sportchi jahon chempionatlarida 18 ta oltin medalni qo‘lga kiritgan.

Mavzuga oid