Jamiyat | 11:45 / 26.07.2018
12964
2 daqiqa o‘qiladi

Nikoh shartnomasi tuzishning majburiyligini qonunga kiritish taklif qilindi

Foto: KUN.UZ

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida nikoh shartnomasi tuzishning majburiyligini belgilash haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Oila – muqaddas. Er-xotinning bir-birlari oldidagi majburiyatlarini bajarishida yuridik kuchga ega nikoh shartnomasining imzolanishi muhim ahamiyat kasb etadi. Oilalar mustahkamligini ta'minlash, ajrashishlarning oldini olish, mulkiy nizolarning kelib chiqishini bartaraf etish hamda er-xotin huquq va majburiyatlarini his qilgan holda yashashlari, kelajagimiz bo‘lmish bolalarimiz tirik yetim bo‘lib qolmasliklarini ta'minlash maqsadida nikoh shartnomasini notarial tartibda tuzish lozim, deyiladi murojaatda.

Qayd etilishicha, nikoh shartnomasi bandlarida er-xotinning barcha huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va mulkiy manfaatlari, fors-major holatlari, javobgarlik bandi bilan birga er-xotinning izoh qoldirish bandi ham kiritilishi kerak deb o‘ylaymiz. Bu holat o‘z navbatida, erning xotin oldidagi, xotinning er oldidagi vazifalari mas'uliyati ta'minlanadi va ularning oila va jamiyat oldidagi javobgarligi oshishiga xizmat qiladi.

“Nikoh shartnomasining shartlari ishlab chiqilib, nikoh shartnomasi tuzishning majburiyligini qonunga kiritishni taklif qilamiz”, - deya yakunlanadi murojaat.

Mavzuga oid