O‘zbekiston | 10:44 / 26.07.2018
13864
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent IIBB: Endi jarimalarni billing texnologiyalari asosida to‘lash mumkin 

Foto: KUN.UZ

Toshkent shahar IIBB YHXBda yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun haydovchilar tomonidan to‘lanadigan ma'muriy jarimalarning yangi tartibi joriy etilmoqda.

Avvallari, yo‘l harakati qoidasi buzilgan vaziyatda YPX inspektori bayonnoma asosida qoidabuzarning haydovchilik guvohnomasini olib qo‘yar edi. Haydovchi esa guvohnomasini qaytarib olish uchun dastlab YHXBga borishga majbur edi. Bu yerda to‘lov kvitansiyasini olib, belgilangan jarima summasini to‘laganidan so‘ng hujjatlarini qaytarib olardi. Bunday ish uslubi fuqarolarning vaqtini olar, navbatlarning ko‘payishiga sabab bo‘lardi.

Yangi tartibga ko‘ra, YPX noziri sodir etilgan ma'muriy qoidabuzarlik haqidagi bayonnomani maxsus elektron dastur orqali YHXBning Avtomatlashtirilgan axborot tizimiga joylashtiradi. O‘z navbatida tizim avtomatik ravishda «elektron» bayonnomani «O‘zbekiston pochtasi» AJga yuboradi. Shundan so‘ng, qoidabuzarning uyiga jarima to‘lovi haqidagi ma'lumotnoma keladi. Ushbu turdagi jarimalar faqatgina billing tizmi orqali to‘lanadi.

Billing tizimi orqali jarima to‘lovlarini istalgan bank muassasasida plastik kartochkasi yoki elektron to‘lovlar tizimi yordamida amalga oshirish mumkin. Bu jarayonda avvalgidek kvitansiyalar to‘ldirilmaydi. Jarima to‘lovi haqidagi ma'lumotnomalarning har biri o‘ziga xos identifikatsion raqamlardan iborat bo‘ladi.

To‘lovlarni 15 kun ichida amalga oshirish talab etiladi. Aks holda qarzdorlik haqidagi ma'lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi majburiy ijro Byurosiga taqdim etiladi.

Mavzuga oid