Jahon | 18:26 / 26.07.2018
11147
3 daqiqa o‘qiladi

Trampga Xitoyni «tiyib turish» uchun o‘ziga xos strategiya taklif etildi

Foto: Getty Images

AQSh sobiq davlat kotibi Genri Kissinjyer Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampga Rossiya bilan hamkorlik qilishni maslahat bergan. Bu qudrati yuksalib borayotgan Xitoyni «tiyib turish» maqsadida qilingan, deb xabar bermoqda The Daily Beast nashri muzokaralardan xabardor besh manbaga asosan.

Ehtimoliy strategiya Rossiya va mintaqadagi boshqa davlatlar bilan qalin munosabatlarni nazarda tutgan. Bunda qudrati va ta'sir doirasi ortib borayotgan Xitoyni «tiyib turish» asosiy maqsad bo‘ladi, deyiladi materialda.

Kissinjyer 2016 yilgi saylov kampaniyasidan so‘ng, AQSh prezidenti Donald Tramp bilan kamida uch marta uchrashgan. Nashrning ta'kidlashicha, bu sobiq davlat kotibi oliy siyosiy doiralarda katta nufuzga ega ekanligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, u AQSh prezidentining kuyovi va maslahatchisi Jared Kushner bilan muloqotda ham shu strategiyani tavsiya etgan. Kushner tashqi siyosat masalalari bilan shug‘ullanadi. Sobiq davlat kotibi maslahatlariga AQSh prezidenti Donald Trampning Davlat departamenti, Pentagon va Milliy xavfsizlik bo‘yicha kengashdagi yetakchi maslahatchilari quloq tutgan, deb yozadi The Daily Beast.

Milliy xavfsizlik kengashi va Davlat departamenti bu boradagi izohga javob qaytarmadi.

AQSh sobiq davlat kotibi Vashington va Moskva o‘rtasidagi munosabatlarni yaxshilash tarafdori bo‘lib kelgani aytiladi. Kissinjyer AQSh va Rossiyaning Xelsinkidagi sammitida Tramp hamda Putinning o‘zaro uchrashuvi o‘tkazilganini ma'qullab chiqdi.

«Bu bo‘lib o‘tishi kerak bo‘lgan uchrashuv edi. Men bir necha yildan beri shu haqda gapirib kelayotgandim», - dedi Kissinjyer.

Manbalar so‘zlariga ko‘ra, Tramp o‘z prezidentligi boshlangach, Kissinjyerning strategiyasiga qiziqish bildirib keldi. Biroq, «qarshi turish» siyosati hozircha jiddiy qo‘llab-quvvatlovga ega bo‘lmadi, deya xulosa qiladi nashr.

Mavzuga oid