O‘zbekiston | 11:10 / 27.07.2018
7200
3 daqiqa o‘qiladi

«Ehtiyotkor nekbinlik»: PwC birinchi marta O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlari o‘rtasida so‘rov o‘tkazdi 

Foto: Yuriy Korsuntsev

PwC 21 yildan beri butun dunyo bo‘ylab kompaniyalar bosh ijrochi direktorlari o‘rtasida global so‘rov o‘tkazib keladi. Joriy yilda bu tadbirda O‘zbekistonning 30 yirik kompaniyasi rahbarlari ishtirok etdi. Dunyoning 85 mamlakatidan jami 1300 SeO so‘rovdan o‘tkazildi, deb xabar bermoqda Spot.

«Biz iqtisodiy va siyosiy muammolar jiddiyligiga qaramay, O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlarining kelajakka bo‘lgan ishonchga urg‘u berish uchun tadqiqotga «Ehtiyotkor nekbinlik» nomini berdik», - deyiladi hisobotning kirish qismida. 

O‘zbekiston kompaniyalarining rahbarlari biznesni rivojlantirish istiqbollari, hozirgi sharoitda boshqaruvga bo‘lgan yondashuvlarni o‘zgartirish, ehtimoliy chaqiriqlar va kelgusida o‘sishga nisbatan paydo bo‘lishi mumkin bo‘lgan xatarlar kabi masalalar yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xususan, O‘zbekistondagi SeO'larning 87 foizi kelgusi 12 oyda ham, keyingi uch yilda ham, kompaniyalari daromadi o‘sishiga ishonadi.

Shu bilan birga, O‘zbekistondagi kompaniya rahbarlarining 77 foizi tashkilotlarning o‘sishi organik bo‘ladi, deb hisoblaydi. Bundan tashqari, rahbarlar xarajatlarni kamaytirish, biznes va startaplar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, yangi strategik alyans va autsorsing tufayli kompaniya daromadlarini oshirishni rejalashtirmoqda.

O‘zbekistondagi kompaniya rahbarlari keyingi besh yil ichida biznesni beqarorlashtirishi mumkin bo‘lgan asosiy tahdidlar orasida yangi raqobatchilarning paydo bo‘lishini qayd etdi.

«Mamlakat ochildi, konvertatsiya paydo bo‘ldi, bozorga xorijiy o‘yinchilar kirishni boshladi, masalan, Yandeks.Taksi. Taksi xizmatlarini ko‘rsatuvchi ko‘plab kompaniyalarda hajmlar qisqargan. Endi Qozog‘istonning Halyk Bank’i, Rossiya banklarining kirishi kutilmoqda. Ular bank tizimiga qanday ta'sir ko‘rsatishi noma'lum. Chegaralarni ochish - biznes uchun katta xavf, ayniqsa, izolyatsiyada ishlagan bizniki kabilar uchun. O‘sha holatda rivojlantirish har doim ham kerak emas edi. Agar bozorga yanada samarali o‘yinchilar kirsa, mahalliy kompaniyalar o‘zgarishi kerak bo‘ladi», - dedi PwC vakili.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston kompaniyalari rahbarlari biznes uchun asosiy xatarlarni ma'lum qilishgandi. 

Mavzuga oid