O‘zbekiston | 07:28 / 27.07.2018
7801
3 daqiqa o‘qiladi

Kasaba uyushmasi xodimi o‘qituvchilarning jamoat transportidan bepul foydalanishini taklif etmoqda

Foto: marifat.uz

Peshku tumani xalq ta'limi bo‘limi bosh inspektor metodisti, Ta'lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman kengashi rayosati a'zosi Z.To‘xtayev o‘qituvchilarning viloyat hududida jamoat transportidan bepul foydalanishi kerak, deb hisoblaydi. 

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi saytida e'lon qilingan maqolada yozilishicha, Xalq ta'limi vaziri Sherzod Shermatov maktab ta'limini yaxshilash bo‘yicha keng jamoatchilikdan taklif va mulohazalar bildirishni so‘ramoqda.

«Ushbu so‘rovnoma asosida aholi tomonidan pedagoglar maoshini va mavqeini oshirish, darsliklar sifatini yaxshilash, yagona maktab formasini joriy etish, erkak o‘qituvchilar sonini oshirish, boshlang‘ich ta'lim mashg‘ulotlarini yengillashtirish, diniy ta'limotga oid darslar soatini ko‘paytirish, o‘qituvchi dunyoqarashini kengaytirishga qaratilgan loyihalarni joriy etish, maktab­larda turli yig‘inlarni kamaytirish va korrupsiyaga barham berishga oid takliflar kiritilgan», deyiladi maqolada.

To‘xtayevga ko‘ra, soha kishilari obro‘sini ko‘tarishning eng muhim mezonlaridan biri, bu ularni moddiy qo‘llab-quvvatlash, iqtisodiy sharoitini yaxshilash bilan bevosita bog‘liq. 

«Shu bilan birga, xalq ta'limi tizimi xodimlarining tuman, shahar, viloyat hududida transport xizmatidan bepul foydalanishi yo‘lga qo‘yilsa, shuningdek, yuqori sinf o‘qituvchilarining bazaviy tarif stavkalari 18 soat qilib belgilansa ayni muddao bo‘lardi», deydi u.

Shuningdek, bosh inspektor metodist umumiy o‘rta ta'lim maktab­larining 10-11-sinf o‘quvchilariga kasbiy ta'lim berishda ­ixtisoslashtirilgan o‘quv-ishlab chiqarish majmualarini Xalq ta'limi vazirligi tasarrufiga o‘tkazishni taklif qilmoqda. 

«Majmua direktori, o‘quv va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yi­­cha direktor o‘rinbosarlari lavozimi tashkil etilishi ham, o‘ylaymanki, samaradorlikni oshirishga xizmat qilardi», deb fikrini yakunlagan u.

Mavzuga oid