Odamlar cho‘kayotganlarni qutqarish uchun zanjir bo‘lib tizilishdi (video)
AQShning Shimoliy Karolina shtatidagi Emerald-Ayl shahrida cho‘kayotganlarni qutqarish uchun o‘nlab kishilar yordamga kelishdi. Bu haqda ABC News xabar bermoqda.
Mahalliy hokimiyatning kuchli to‘lqin haqida ogohlantirishiga qaramasdan, bir necha kishi dengizda cho‘milgani kelgan. Ular to‘lqinlar kuchiga dosh berolmasdan cho‘ka boshlagan.
Dengiz bo‘yida dam olayotgan ko‘plab kishilar bir-birlarining qo‘llaridan tutib plyaj va cho‘kayotganlar orasida zanjir hosil qilishdi. Ular shu tarzda cho‘kayotganlarni qutqarishga urinishdi.
Ularning sa'y-harakatlari natijasida cho‘kayotganlar qirg‘oqqa olib chiqilgan. Faqat bitta – 41 yoshli kishini qutqarishning imkoni bo‘lmagan.
2017 yilda Floridada cho‘kayotgan oilani qutqarish uchun jonli zanjir hosil qilingani xabar qilingandi. O‘shanda qutqarish ishida 80ga yaqin kishi qatnashgan.