Jahon | 08:15 / 28.07.2018
40663
2 daqiqa o‘qiladi

XXI asrdagi eng uzoq davom etuvchi Oy tutilishi yakuniga yetdi

27 iyuldan 28 iyulga o‘tar kechasi XXI asrda eng uzoq davom etishi aytilgan Oyning to‘liq tutilishi bo‘lib o‘tdi.

Oy tutilishi 27 iyulda Toshkent vaqti bilan soat 23.24da boshlandi. Uning to‘liq fazasi soat 00.30dan 2.13gacha davom etdi. XXI asrda hammasi bo‘lib 225 ta Oy tutilishi bo‘ladi, undan 85 tasi to‘liq tutilish bilan kechadi. Shundan faqat 6 ta Oy tutilishi 3 soatdan ko‘proq davom etadi. Joriy Oy tutilishi 4 soatga yaqin davom etdi.

Oy tutilishi Oyning apogeyga (Yerdan maksimal uzoq nuqta) yaqin bo‘lgani sababli bunchalik uzoq davom etdi va Oy Yerning soyasidan ancha kichik bo‘ldi. Oy Yer soyasining shimoliy qismiga cho‘mib, uning markazi orqali o‘tdi. Yer soyasi Oyning ko‘rinuvchi qismini to‘liq qoplagani sababli, u to‘q qizil rangga kirdi.

Bu gal Oyning to‘liq tutilishi yana bir astronomik hodisa – Marsning Quyoshga buyuk qarshi turishi bilan birga kechdi. Qizil sayyora Yerga maksimal masofaga yaqinlashdi va tungi osmonda yorqinlikda Yupiterni ortda qoldirdi. Shu tariqa, Mars Quyosh, Oy va Zuhrodan keyin osmondagi eng yorqin jism bo‘ldi. Marsning keyingi buyuk qarshi turishi 17 yildan keyin – 2035 yil 15 sentabrda bo‘lishi kutilmoqda.

Mavzuga oid