Jahon | 07:24 / 31.07.2018
2259
2 daqiqa o‘qiladi

Arab koalitsiyasining aviazarbalari mintaqada epidemiyaga sabab bo‘lishi mumkin

Foto: REUTERS

BMT Yamanning Hudoyda shahri yana bitta aviazarba berilgandan so‘ng, epidemik xloreya markaziga aylanishidan ogohlantirdi. Ma'lum qilinishicha, Yamandagi husiylar guruhiga qarshi qurolli kurash olib borayotgan Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya mamlakatga oziq-ovqat olib kirishda asosiy yo‘lak vazifasini o‘tab turgan shaharni raketalar yomg‘iri ostida qoldirmoqda. 

BMT rasmiy xabariga ko‘ra, yakshanba kuni Hudoyda shahriga berilgan aviazarbalar shahar aholisini toza ichimlik suv ta'minotidan mahrum etgan. 

Qizil dengiz yaqinidagi ushbu shaharda 600 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qiladi. Port shahar mamlakatda gumanitar yordam kutib yashayotgan 22 million aholi, tibbiy yordamga muhtoj 8 million kishining yagona najot yo‘li hisoblanadi. 

Yil boshidan buyon shahar koalitsiya harbiy kuchlari nazoratida bo‘lib kelgandi. Saudiya Arabistoni rasmiylari aynan Hudoyda orqali Eron husiylar guruhiga qurol-yarog‘ yetkazib berayotganini iddao qilgan. Eron ham, husiylar guruhi ham bunday ayblovni keskin rad etgandi.

Eslatib o‘tamiz, Saudiya Arabistoni 26 iyul kuni  neft tashuvini Qizil dengizdagi Bob al-Mandib orqali amalga oshirmay turishini ma'lum qilgandi. Bunga Yamandagi husiylar harakati a'zolari hujum qilgan, deb ko‘rilayotgan Saudiyaga tegishli ikkita neft tashuvchi katta tankerlarning halokatga uchragani sabab bo‘lmoqda. 

Shundan keyin, arab koalitsiyasi Sana shahri shimolidagi xalqaro aeroport va aviabazaga oltita zarba berdi.​

Алишер Рузиохунов
Tayyorlagan Алишер Рузиохунов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid