O‘zbekiston | 00:10 / 31.07.2018
81999
6 daqiqa o‘qiladi

GM Uzbekistan avtomashinalari narxining oshishi ijtimoiy tarmoqlarda qanday aks-sado keltirib chiqardi?

Bugun, 30 iyul kuni Xalqaro Press klubning navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi va unda «O‘zavtosanoat» vakillari ishtirok etishdi. «O‘zavtosanoat» boshqaruvi raisi Shavkat Umurzoqov 1 avgustdan O‘zbekistonda GM Uzbekistan mashinalari narxi oshishini e'lon qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobillar narxi o‘rtacha 14 foizga oshiriladi. 

Foto: XPK

Ushbu yangilik ijtimoiy tarmoqlarda kuchli e'tirozlarni keltirib chiqarmoqda. Biz narx oshishiga bildirilgan fikrlarning eng saralarini to‘plab chiqdik.

Foto: Facebook\Yuliy Yusupov

Iqtisodchi Yuliy Yusupov «Feysbuk»dagi o‘z sahifasida shunday deb yozadi:

«Bizga hammasini oddiy va jo‘n qilib tushuntirib qo‘yishdi.

Zavodning yuqori savdo narxlari tufayli bizning avtomobillarimizni xorijda sotib olishmayapti. Shuning uchun biz o‘z quvvatlarimizni to‘liq ishga tushira olmayapmiz. Natijada, samarasiz menejment tufayli shundoq ham dahshatli darajada yuqori bo‘lgan mahsulot birligiga nisbatan xarajatlarimiz yanada oshmoqda. Lekin biz monopolist ekanligimiz va sizlar esa bizdan hech qayoqqa qochib qutila olmasligingizni hisobga olib, tannarx va narxni tushirish (aslida, faqat shu yo‘l bilangina savdo hajmini oshirish mumkin) o‘rniga, zararlarimizni siz aziz xaridorlarning gardaniga yuklashga qaror qildik va narxlarni oshirmoqdamiz.

Faqat bizni to‘g‘ri tushuning, biz sizlarni juda yaxshi ko‘ramiz, lekin toki import mashinalarga taqiqlovchi bojxona to‘lovlarini bekor qilib, bizning monopoliyamizni bartaraf etmas ekansiz, biz sizlarni tahqirlashda davom etaveramiz. O‘zlaring aybdor, chunki bu holni bartaraf etish qo‘lingizdan kelmaydi!».

Foto: Facebook\Komiljon Shamsiddinov

Jurnalist Komiljon Shamsiddinov o‘zining «Feysbuk»dagi sahifasida mazkur holatga quyidagicha izoh qoldirdi:

«Avval ham shu gapni aytgandim. «Avtosanoat» narxni oshirib, keyin o‘lganning ustiga tepgandek, uzr so‘rayotgan bir sharoitda, buning oddiy yechimlaridan biri — ishlab chiqargan mashinalarini olmaslik, boshqacha aytganda «boykot» e'lon qilish. Ja bo‘lmasa, biz — xaridorlar ham bitta «uzr» so‘rab, «Pulimiz yo‘q edi, 2019 yildan keyin olarmiz», deb qo‘yarmiz... Talab bo‘lgandan keyin, og‘ziga kelgan narxni aytaveradi-da...».

Husan Turdiyev: GM kompaniyasini, hattoki, AQShda ham daromadlar bilan bog‘liq muammolar chulg‘ab olgan. Ular uchun zarur alyuminiy va boshqa xomashyolarga fyucherslar oshib bormoqda va yil so‘ngiga qadar tushmaydi, ular esa buni hisobga olishmagan. Braziliyada ham, yana qaysidir davlatda ham ishlar ko‘ngildagidek emas. Balkim shamol o‘sha yoqlardan esayotgandir.

Lekin fakt faktligicha qolaveradi: monopoliya bartaraf etilishi kerak, u fuqarolarimiz, to‘g‘rirog‘i, iste'molchilar gardanidagi parazit singari faqat zararlidir.

Protektsionizmdan xalos bo‘lib, biz faqat plyus natijaga erishamiz va bu butun iqtisodiyotimizda ham o‘z aksini topadi.

Azat Is: GM-Uzbekistan juda yaxshi o‘rnashib olgan. Ularning har qanday holati yutqiziqsiz. Hech qanday risk ham yo‘q. Ortiqcha xarajatlar ham (marketing, research, new technologies). Va eng asosiysi… mashinangizni 60 kun kuting…

Temur Hakimov: Modomiki, ishlab chiqarish quvvatlari tannarx va yakuniy chakana bahoga ta'sir o‘tkazayotgan ekan, doimiy xarajatlarni qisqartirish kerak. Mening nazarimda juda qimmatbaho butlovchi qismlar yetkazib berayotganlarni ham tanqidiy qayta ko‘rib chiqish kerak. Bizga hech narsani tushuntirish kerak emas. Biz u yerda hardamxayol psevdoiqtisodchilar va psevdomenejyerlar o‘tirib, xuddi ishlayotgandek ko‘rinish hosil qilgani uchun aybdor emasmiz. Monopoliya sharoitida nimalar bo‘lishini ham juda yaxshi bilamiz. Xo‘p, xarajatlarni optimallashtiruvchi normal mutaxassislaringiz yo‘q ekan, ularni yollang va ular, albatta, xorijdan bo‘lishi ham shart emas. O‘zimizda ham savodli mutaxassislar juda ko‘p, ularni hech kim payqamayapti.

Burhon Shermatov: Talabni qondirishning eng yaxshi yo‘li — taklif. O‘zbekiston bozoriga kirishni istayotgan avtomobillar uchun belgilangan kosmik bojlar bekor qilinishi kerak. Ana o‘shanda raqobat paydo bo‘lib, o‘z-o‘zidan qimmat va sifatsiz mashinalar bozori o‘ladi. Hozirgi sharoitda puli borlar boykot qilib o‘tirmay, baribir olaveradi. Aholi ijtimoiy ongi «O‘zavtosanoat» bilan boykot orqali kurashish darajasida emas. Shuning uchun avto ishlab chiqaruvchilar sog‘lom raqobati va kosmik bojlar mavzusi ekranga olib chiqilsa, maqsadga muvofiq bo‘lardi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid