O‘zbekiston | 09:13 / 31.07.2018
7165
3 daqiqa o‘qiladi

Ko‘chmas mulkdan foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash bekor qilinishi mumkin

Foto: Depositphotos

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasining o‘tgan yig‘ilishida bir qator masalalar ko‘rib chiqilgan edi. Jumladan, “Notariat instituti takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi qizg‘in savol-javoblar va fikr-mulohazalarga boy bo‘ldi. Loyihada bugun aholining katta qismi uchun ko‘plab savollarni tug‘dirayotgan masalalar o‘z yechimini topayotgani, notariuslar faoliyatida qulayliklar yaratilayotgani alohida qayd etib o‘tildi.

Qonun loyihasida bir qator normalar belgilanmoqda. Jumladan, ko‘chmas mulkdan ijara va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlashni bekor qilish, ko‘chmas mulk bilan bog‘liq bitimlarni respublikadagi istalgan notarial idorada rasmiylashtirish, jismoniy va yuridik shaxslar notarial tasdiqlanadigan bitim loyihasini mustaqil tayyorlaganda, huquqiy va texnik tusdagi qo‘shimcha harakatlar uchun haq to‘lashdan ozod etilishi ko‘zda tutilmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslarning notarial idoralarga elektron murojaat qilish tartibi belgilanmoqda. Mol-mulkni o‘zga shaxsga o‘tkazishga taqiq qo‘yish va uni bekor qilish notarial harakati va unga alohida davlat boji to‘lanishi normasini chiqarib tashlash, yuridik shaxsning vakolatli boshqaruv organi murojaatiga ko‘ra, uning kollegial organi tomonidan qaror qabul qilinganlik faktini tasdiqlash, notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tash muddatini ikki yildan bir yilga qisqartirish, sudya lavozimida kamida besh yil, notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qilish bilan bog‘liq lavozimlarida kamida uch yil ishlagan shaxslarga notarius lavozimiga nomzodlarning stajirovka o‘tashini bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, vasiyatnomalar, shuningdek sudlarda ko‘plab nizoli holatlarni kelib chiqishiga sabab bo‘layotgan ayrim turdagi bitim, ariza va boshqa hujjatlarni imzolash jarayonini majburiy audio va video qayd etish, notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat qilgan shaxslarning shaxsini aniqlash (barmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi biometrik ma'lumotlar bilan solishtirish orqali aniqlash) notariuslarni attestatsiyadan o‘tkazish, ularni rotatsiya qilish va boshqalar belgilanyapti.

Fraksiya a'zolarining ta'kidlashicha, kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalar partiya elektorati manfaatlari bilan ham bog‘liq bo‘lib, bu aholi uchun vaqt va mablag‘ tejalishi jihatidan ham ancha qulayliklarni tug‘diradi. Shuningdek, notarial faoliyatni amalga oshiruvchilar uchun yaratilayotgan yengilliklar ularning ish faoliyati sifati va samaradorligi oshishiga xizmat qiladi. Bu, o‘z navbatida, aholiga ko‘rsatilayotgan notarial xizmatlarning sifatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Mavzuga oid