Jahon | 15:52 / 31.07.2018
8461
2 daqiqa o‘qiladi

O‘g‘rilar okeanariumdan akulani o‘g‘irlab, uni sotishga urinishdi

AQShda uch kishi San-Antonio Akvariumidan akulani aravachada olib chiqib ketishdi. Texas politsiyasi gumondorlar qo‘lga olingani haqida e'lon qildi, deb xabar bermoqda USA Today.

Ma'lumotlarga ko‘ra, uch nafar tashrif buyuruvchi o‘lchami taxminan 2 fut (61 sm) bo‘lgan Kaliforniya akulasini aravachaga yashirib olib, okeanariumdan olib chiqib ketishgan. Shundan so‘ng, uning egasi Ammon Kovino so‘zlariga ko‘ra, akulani feysbuk orqali sotishga harakat qilingan. Gumonlanuvchilar kuzatuv kameralaridan olingan yozuvlar tufayli aniqlandi.

«Bu jinnilikdir. Ular akulani akvariumdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri tortib olishgan», - deydi Kovino. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, uch nafar gumondor qo‘riqchi ortga o‘girilishini kutib, akvariumdan akulani to‘r yordamida tutib olishgan va chelakka solishgan, so‘ng mashinada ketib qolishgan. Xodimlar aravachadan oqayotgan suvni payqab, u yerda nima borligini ko‘rsatishdan bosh tortilgach, gumonlanuvchilarning avtomobili raqamlarini yozib olishdi. Ular kameralardan olingan yozuvlar bilan birga politsiyaga topshirildi.

Okeanarium egasining ma'lum qilishicha, akula dushanba, 30 iyul kuni qaytarildi. Har ehtimolga qarshi u karantinga joylashtirilgan.

Mavzuga oid