O‘zbekiston | 14:01 / 01.08.2018
5323
2 daqiqa o‘qiladi

Infokiosk, maxsus futbolka va VR-ko‘zoynak. Davlat turizm qo‘mitasi yangi loyihalari haqida ma'lum qildi

Bugungi kunda O‘zbekistonda 700dan ortiq turistik tashkilot, 500dan ziyod zamonaviy mehmonxonalar, dam olish maskanlari mavjud. Endi ushbu muassasalarda xizmat ko‘rsatish darajasi infokioklar tomonidan baholab boriladi. Joriy yilning oxirigacha shunday infokiosklar poytaxtning odamlar gavjum joylariga, aeroport va vokzal, tarixiy obidalar yoniga hamda mehmonxonalarga o‘rnatilishi rejalashtirilgan. Bu Davlat turizm qo‘mitasi xabar bermoqda.

U yerda maxsus tugmachalar bor bo‘lib (yong‘in, tez yordam va politsiya), uch tilda taqdim etilgan. Shuningdek, xizmat sifatini baholash va monitoring qilish tugmasi mavjud. Bundan tashqari, infokiosklarda tarixiy obidalar haqidagi ma'lumot ham joylashtirilgan. 

Davlat turizm qo‘mitasi huzuridagi “Milliy PR-markaz” direktori Sh. Malikovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda O‘zbekistonga kelayotgan sayyohlar milliy matolarga katta qiziqish bildirayotgani tufayli maxsus futbolkalarni ishlab chiqarish joriy qilindi. Uni qadoqlashda ham mutlaqo yangi texnologiyadan foydalanilgan. 

Shuningdek, Malikovning aytishicha, joriy yilning oktabr oyida poytaxtda birinchi marotaba motoshou o‘tkazilishi rejalashtirilgan. 

Ayni paytda “Milliy PR-markaz” tomonidan virtual sayohat ham yo‘lga qo‘yilmoqda. Bu sayohatni turgan joyda amalga oshirish mumkin, ya'ni maxsus ko‘zoynakni taqish kifoya - unda me'moriy obidalar tasviri aks ettiriladi.