O‘zbekiston | 19:25 / 02.08.2018
9773
4 daqiqa o‘qiladi

Suv xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryoda yuzaga kelgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida 1000 nafar xodimni jalb qiladi 

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Suv xo‘jaligi vazirligi Qashqadaryo viloyatidagi yuzaga kelgan suv tanqisligini yumshatish maqsadida vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar xodimlaridan 1000 nafarini g‘o‘zani sug‘orish ishlariga ko‘maklashish uchun jalb qiladi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasining “G‘o‘za parvarishida yuzaga kelgan murakkab vaziyatning salbiy oqibatlarini bartaraf etish hamda hosilga hosil qo‘shishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorida aytiladi.

Qayd etilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda hududiy suv xo‘jaligi tashkilotlari xodimlarini g‘o‘zani sug‘orish uchun fermer xo‘jaliklariga nomma-nom biriktiradi.

Bunda:

mavjud suv resurslarini oqilona taqsimlagan holda g‘o‘zani yana ikki marta sharbat usulida sug‘orishga;

yetkazib berilgan ko‘chma egiluvchan quvurlardan samarali foydalanishga, suv ta'minoti og‘ir maydonlarni suv bilan ta'minlashga;

suvchilar uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratishga, navbatlab sug‘orish tizimi joriy etilishiga va tungi sug‘orishga alohida e'tibor qaratiladi.

O‘zbekiston Respublikasi bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri 
J.A.Qo‘chqorov, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, «Agrobank» aksiyadorlik tijorat banki «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da mexanizatorlar, suvchilar va ishchilarga har 5 kunda ish haqi naqd pulda berib borilishini tashkil etadilar.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da g‘o‘za parvarishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish va amaliy yordam berish bo‘yicha respublika ishchi guruhlari tarkibi tasdiqlandi.

Respublika ishchi guruhlari (Mirzayev, Samadov, Yusupov, Vaxabov):

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da g‘o‘za parvarishi bo‘yicha ushbu qaror bilan belgilangan agrotexnik tadbirlar bajarilishi vertolyotlar yordamida konturma-kontur o‘rganilishini tashkil etadi;

har bir hududni o‘rganish natijalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yozma axborot kiritib boradi.

O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi «G‘o‘za parvarishida zarbdor 40 kunlik»da g‘o‘zaning holatini o‘rganish uchun respublika ishchi guruhlariga ularning buyurtmalariga muvofiq 4 ta vertolyot ajratilishini ta'minlaydi.

Respublika ishchi guruhlari (Mirzayev, Samadov, Yusupov, Vaxabov) uchun ajratilgan vertolyotlar xarajati «O‘zpaxtasanoat» aksiyadorlik jamiyati hamda «O‘zdonmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi tomonidan to‘lab berilishi to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berildi.

Belgilab qo‘yilishicha, vertolyotlar uchun to‘lovlar faqatgina g‘o‘zani holatini o‘rganishda respublika ishchi guruhlari bilan birgalikda havoga ko‘tarilgan vaqt davomiyligi uchun amalga oshiriladi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid