Fan-texnika | 00:03 / 03.08.2018
16928
2 daqiqa o‘qiladi

Yaponlarning ilk Mitsubishi reaktiv samolyoti 2020 yildan parvozlarni boshlaydi. U qanaqa samolyot o‘zi? - fotolar

MRJ (Mitsubishi Regional Jet) Yaponiyada ishlab chiqarilgan va yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan ilk reaktiv samolyot bo‘ladi, deb yozmoqda hi-news.ru. Uni ishlab chiqarish yaqin kelajakda boshlanadi. Ilk parvozlar esa 2020 yildan boshlanishi kerak. Mitsubishi Aircraft Corporation korporatsiyasi buning uchun uzoq yo‘l bosdi, nihoyat maqsadiga erishdi.

MRJ loyiha sifatida ilk marta 2007 yilda paydo bo‘lgan edi. Samolyotlar parvozini 2012 yildayoq boshlashi mo‘ljallangan edi, biroq ishlab chiqarishda kompaniya oldida turli qiyinchiliklar vujudga keldi. Dastlabki parvoz 2015 yilda bo‘lib o‘tdi, prototip esa faqat yaqinda taqdim etildi. Aftidan, loyihaning ishlari chakki emasga o‘xshayapti.

MRJning bosh yaratuvchisi Aleks Bellamining aytishicha, kompaniya 88 yo‘lovchi o‘rindig‘iga ega MRJ-90 modeli ustida bosh qotirmoqda. Keyinroq 76 o‘rindiqli MRJ-70 modeli ham ishlab chiqariladi.

MRJ Bombardier CRJ va Embraer E-Jet kabi yaqin masofalarga uchuvchi samolyotlar bilan raqobat qiladi. Samolyot Mitsubishi Aircraft Corporation’ning ilk samolyoti bo‘lsa-da, kompaniyani aslo bu sohada yangi deb hisoblamaslik kerak. U uzoq vaqt davomida Boeing 787 Dreamliner uchun ehtiyot qismlar ishlab chiqarib, yetkazib berib turgan.

Samolyotning reaktiv dvigatellari Pratt & Whitney kompaniyasi tomonidan tayyorlangan. Ular yoqilg‘i iste'moli nuqtai nazaridan MRJni boshqa yo‘lovchi tashuvchi samolyotlarga nisbatan 20 foizga samarador qilishi kerak.

MRJ 3700 kilometr masofagacha ucha oladi. Ayni paytda samolyot saloni juda qo‘rqinchli ko‘rinishga ega, lekin siz kelgusida u qanday ko‘rinish olishini ko‘rishingiz mumkin.

2020 yilda MRJ o‘z bortiga dastlabki yo‘lovchilarni mindirishi kerak. U Yaponiyada ishlab chiqarilgan ilk reaktiv passajir samolyoti bo‘ladi.

Mavzuga oid