Jamiyat | 10:21 / 03.08.2018
24442
15 daqiqa o‘qiladi

«Qurdikmi, qurdik. Qolgani bir gap bo‘lar...»

Bugun qay bir o‘zbek xonadoniga kirib bormaylik, davra to‘rida, albatta, turmushning og‘ir sinovlarini katta mashaqqat va metin iroda bilan yengib o‘tib, ayni damda keksalik gashtini surayotgan, har ishda bizga ibrat va namuna bo‘lgan nuroniylarni ko‘ramiz. 

To‘g‘ri-da, inson yoshi ulg‘aygach, mehnatiga yarasha rohatini ham ko‘rishi kerak. Shu bois o‘zbek xonadonida keksalar doimo to‘rdan joy olsa, yoshlar poygakda xizmatga shay turishadi. “Oltin olma, duo ol” naqlining mazmun-mohiyatini yaxshi biladi hozirgi avlod.

Foto: nuroniy.uz

Darvoqe, keksalar qachon hayotdan rozi bo‘ladilar?

Qachonki, yurt tinch bo‘lsa, farzandu nabiralar kamolidan ko‘ngillar to‘q bo‘lsa. Keksa avlod munosib xizmat qilgan jamiyat ularni ardoqlasa. Yoshlar bobo-yu momolar pandu nasihatiga quloq tutib, shu aziz Vatan ravnaqi uchun jon kuydirishsa, fidoyilik ko‘rsatishsa.

Bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida, shubhasiz, katta avlodning ham alohida o‘rni bor. Xususan, prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etdi.

Ma'lumki, ushbu Farmonning 4-bandida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari 2017 yil 1 sentabrgacha har bir tuman va shaharda, qoidaga ko‘ra, madaniyat va dam olish istirohat bog‘lari hududida “Nuroniylar maskani” majmualari foydalanishga topshirilishini ta'minlashi, maskanda “Nuroniy” jamg‘armasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tuman (shahar) bo‘limlari faoliyat ko‘rsatishi belgilangan. Shu bilan birga, maskanlarni qurishda boy kitob fondiga ega kitobxonlar zali, shaxmat, shashka va dam olish xonasi, keksalar uchun maxsus trenajyorlar bilan jihozlangan davolash-jismoniy tarbiya zali, oshxona, tibbiy xona tashkil etish hamda majmuani zarur mebel, kompyuter texnikasi va aloqa vositalari bilan jihozlash nazarda tutilgan. Demak, farmonga ko‘ra, o‘tgan yili yurtimizning barcha tuman va shaharlarida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirilishi shart edi.

Farmon ijrosi ta'minlangan tuman va shaharlardagi madaniyat va dam olish istirohat bog‘lariga kirsangiz, uzukka ko‘z qo‘ygandek yarashib turgan, milliylik va zamonaviylik o‘zaro uyg‘unlashgan go‘zal, ko‘rkam maskanlarni ko‘rib, dil yayraydi. Ijro ta'minlanmagan tuman va shaharlardagi holat esa ko‘ngilni xira qiladi.

Shu o‘rinda haqli savollar tug‘iladi.

Xo‘sh, nega ayrim tuman va shaharlarda Prezident Farmoni ijrosi ta'minlanmadi? Bunga kim aybdor yoki nima sabab? Qurilib, foydalanishga topshirilgan Nuroniylar maskanlarida bugun ahvol qanday? Keksalar uchun barpo etilgan bu binolar aslida kimga tegishli? Hozirda bu inshootlardan samarali foydalanilyaptimi?

Joriy yilning 30 iyun holatiga ko‘ra, respublikamizdagi 200 ta tuman (shahar)ning 118 tasida “Nuroniylar maskani” foydalanishga topshirilgan. Shundan 81 tasi yangidan qurilgan bo‘lsa, 37 tasi ta'mirlanib, zamon talablariga mos tarzda jihozlangan. Yana 21 ta tumanda maskanlar qurilishi davom etyapti, 12 ta eski binoda esa ta'mirlash ishlari bajarilyapti.

Foto: O‘zA

Jumladan, Toshkent viloyatida hozirgacha 21 ta tuman va shahardan bor-yo‘g‘i 2 tasida (2008 yil 1 iyul holatiga ko‘ra) “Nuroniylar maskani” barpo etilgan, 15 ta tumanda esa umuman mablag‘ ajratilmagani sababli qurilish ishlari hali boshlanmagan. Prezident farmoni e'lon qilinganiga ikki yil, ijro muddati o‘tib ketganiga, hademay, bir yil to‘lsa-yu, viloyatdagi ayni masalaga mutasaddi rahbarlar hanuz “Olma pish, og‘zimga tush”, deb o‘tiraverishsa. Bu holatni qanday izohlash mumkin?!

Keling, aniq misollarga murojaat qilamiz. 2018 yil 21 iyunda Chinoz tumani hokimining “Nuroniy” jamg‘armasi tuman bo‘limiga Chinoz shahri madaniyat va istirohat bog‘i hududidan “Nuroniylar maskani” qurilishini loyihalashtirish uchun yer ajratish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan. Taajjub, Prezident farmonida ushbu maskanlarni qurib, foydalanishga topishirish muddati 2017 yil 1 sentabrga qadar, deb aniq belgilangan bo‘lsa-da, tuman hokimi oz emas, ko‘p emas, qariyb ikki yil keyin qaror chiqarib tursa! Buni qanday izohlash mumkin?

Shu yil aprel oyida Toshkent viloyatining ma'muriy markazi — Nurafshon shahrida “Nuroniylar va Mahalla markazi” majmuasi foydalanishga topshirilganidan ko‘pchilik xursand bo‘ldi. Axir, keksalar orziqib kutgan yangi inshoot quriladi-yu, quvonmay bo‘ladimi?!

Yo‘q, ortiqcha suyunishga shoshilmaylik. Sababi, Toshkent viloyati hokimining 2018 yil 27 yanvardagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Toshkent viloyati kengashi va “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limini ma'muriy bino bilan ta'minlash to‘g‘risida”gi  qarori “milt” etgan quvonchni chipakka chiqardi.

Nega deysizmi? Boisi, viloyat hokimi qarorida yuqoridagi kengash hamda fondning viloyat bo‘limini “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi uchun qurilayotgan binoga joylashtirilishi hamda ushbu maskan “Nuroniylar va Mahalla markazi” deb yuritilishi ko‘rsatilgan.

Ajabo, ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan bu “antiqa” nomni kim o‘ylab topdi ekan? Prezidentimizning 2016 yil 28 dekabrdagi “O‘zbekiston faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonida maskanning qanday nomlanishi va topshirilish muddati aniq-ravshan belgilab qo‘yilgan bir paytda yuqoridagi “yangilik”ni qanday tushunish kerak?

Bu hali hammasi emas. Ushbu holdan fig‘oni falakka ko‘tarilgan “Nuroniy” jamg‘armasi Toshkent viloyati bo‘limi raisi S.Asatovning jamg‘arma respublika Boshqaruviga ma'lum qilishicha, bugungi kunda “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi mazkur binoga ijara asosida joylashtirilgan. Ustiga ustak, “Mahalla” xayriya jamoat fondining viloyat bo‘limi raisi “Nuroniy” jamg‘armasiga o‘tkazib berilishi lozim bo‘lgan hashar pulidan elektr, isitish, suv va soliq uchun 20 million so‘m mablag‘ni ushlab qolgan.

Taajjubki, hokimning shu yil yanvar oyidagi qarori qo‘l kelib, “Nuroniylar maskani” binosi “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi balansiga o‘tkazib berilgan. Shu tariqa fond binoning 80 foiziga, jamg‘arma bo‘limi esa bor-yo‘g‘i 20 foiziga, ya'ni atigi to‘rtta xonaga joylashgan. “Nuroniylar maskani”dagi tibbiyot xonasi, sport zali, oshxona, kutubxona ham “Mahalla” xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limining “omadli” xodimlariga nasib etgan.

Foto: O‘zA

Qiziq, Prezident farmonida belgilangan topshiriqni har kim o‘zicha talqin qilib, ijro etaversa, natija va samaradorlik nima bo‘ladi? Bu bilan kim kimni aldamoqchi?

Endi Toshkent shahridagi holatga razm solaylik. Ma'lumotlarga ko‘ra, poytaxtning 11 ta tumanidan bor-yo‘g‘i 3 tasida “Nuroniylar maskani” barpo etilib, o‘z egalariga topshirilgan, 5 tasida esa mablag‘ ajratilmagani bois, qurilish boshlanmagan. Bundan hayron bo‘lgan jamg‘armaning shahar bo‘limi raisi Rustam Kalonov 2017-2018 yillarda barcha tuman hokimliklariga ahvolni o‘nglashni so‘rab, xat yuborgan.

Ushbu xatga Shayxontohur tumani hokimining birinchi o‘rinbosari Sh.Sadiqov tomonidan yo‘llangan javobni o‘qigan kishi hayratdan yoqa ushlashi aniq. Ixchamgina yozilgan ikki bandli “rasmiy” xatda, jumladan, shunday deyiladi:

“...Murojaatingizda “Nuroniy” jamg‘armasi bo‘limi xonasini ta'mirlash maqsadida sarf-xarajatlarni qoplash tuman byudjyeti xarajatlar smetasida ko‘zda tutilmagani sababli, ushbu xarajatlar “Nuroniy” jamg‘armasining shaxsiy yoki homiylikka olgan tashkilotlarning mablag‘lari hisobiga qoplanishi mumkinligi ma'lum qilinadi”.

Tuman hokimining birinchi o‘rinbosari hazillashdimikin, deb o‘ylab qolasan, kishi. Binobarin, Farmonda bu xayrli vazifa hokimlik zimmasiga yuklanganini janob Sadiqov bilmasmikan?

Yaqinda Chilonzor tumanida ishga tushirilgan “Nuroniylar maskani”, “Mahalla”, “Oila” hamda “Yoshlar” markazi binosi ham tuman ko‘rkiga ko‘rk bo‘lib qo‘shildi. Bizningcha, buyam aslida, bir o‘q bilan to‘rtta quyonni urishdan boshqa narsa emas-ov!

Yaqinda “Nuroniy” jamg‘armasi respublika Boshqaruvi tomonidan tuzilgan ishchi guruh poytaxt tumanlarida bo‘lib, bu boradagi ahvolni o‘rgandi. Ma'lum bo‘lishicha, hammasi o‘sha-o‘sha: eski hammom, eski tos. Masalan, Yunusobod tumanida “Nuroniylar maskani” barpo etish mutasaddilarning xayoliga ham kelmayapti. Boz ustiga, jamg‘armaning tuman bo‘limi xodimlari uchun  ajratilgan xona ham xarob ahvolda. Ishlash uchun hech qanday sharoit yo‘q, desak, vaziyatga yumshoq baho bergan bo‘lamiz.

Buyog‘ini so‘rasangiz, Qoraqalpog‘iston Respublikasining bor-yo‘g‘i 3 ta tumanida “Nuroniylar maskani” bunyod etilgan, 5 tasida esa hech qanday harakatdan darak yo‘q.

Yurtimizda keksa avlodning jamiyat hayotidagi faolligini oshirish, bu borada ular uchun munosib shart-sharoit yaratib berish davrning dolzarb masalalaridan biriga aylangan bir paytda, qanday qilib ushbu xayrli ishga panja orasidan qarash mumkin? Nahotki, bu savobli ishni uddalash igna bilan quduq qazishday qiyin bo‘lsa? Axir, Surxondaryo, Buxoro, Samarqand va Xorazm viloyatlarida ushbu vazifa o‘z vaqtida, hech qanday kam-ko‘stsiz, yuz foiz bajarildi-ku? Deylik, Samarqand viloyati hokimligi har bir tumandagi “Nuroniylar maskani” uchun 3 tadan shtat birligi va 1 tadan Damas avtomobili ajratgani yoki Surxondaryo viloyati hokimligi jamg‘armaning viloyat bo‘limiga zamonaviy rusumli avtobus tuhfa qilgani, bugun nuroniylar ushbu avtobusda ona yurtimiz – O‘zbekiston bo‘ylab sayohat qilayotgani tush emas-ku! Nega ulardan ibrat olinmayapti? Nima uchun Prezident Farmoni ijrosiga ikki xil yondashuv bo‘lyapti?

Foto: nuroniy.uz

Masalaning boshqa jihati ham bor. Hozir yurtimizda barpo etilgan aksariyat “Nuroniylar maskani” yo qaysidir tadbirkor, yo “Mahalla” xayriya jamoat fondi balansida. Xususan, Namangan viloyatidagi 12 ta maskanning 9 tasi xususiy tadbirkorlarga tegishli. Afsuski, bunday faktlarni boshqa viloyatlar misolida ham keltirish mumkin.

Buning nimasi yomon, dersiz? Gap shundaki, agar “Nuroniylar maskani” Farmonda belgilanganidek, jamg‘arma bo‘limi tasarrufida bo‘lmas ekan, vaqti kelib nuroniylar undan ajralib qolishlari, ya'ni qonuniy egasi binodan istagan payt boshqa maqsad yo‘lida foydalanishi mumkin. Yoki biz yanglishyapmizmi?

Aslida, barpo etilgan “Nuroniylar maskani”ni o‘z egasiga topshirmaslik shu aziz Vatan ravnaqi, xalq farovonligi, farzandlar kamoli uchun munosib xizmat qilib, endilikda keksalik gashtini surayotgan bobo va momolarga nisbatan hurmatsizlik, e'tiborsizlikdan boshqa narsa emas. Inchunun, nuroniylar uzoq va yaqin tarixning dolg‘ali, suronli davrlarini boshidan kechirgan, ne-ne azob-uqubatlar chekib bo‘lsa-da, ona yurt taqdiriga ma'sul bo‘lgan, sizu bizni shu kunlarga yetib kelishimizga munosib hissa qo‘shgan fidoyi insonlardir.

Afsuski, ayrim hokimliklar buni anglab yetishmayapti. O‘zlarida Prezidentimizning yuqoridagi Farmoni ijrosini ta'minlash uchun yetarli kuch topa olishmayapti. Keksa avlodga e'tibor qaratib, maskanlar barpo etish ular uchun ahamiyatsiz masalaga aylangan, go‘yo. 

Xo‘sh, “Nuroniylar maskani” nima uchun bunyod etiladi? Albatta, mahalla, oila, yoshlarga oid muammoli masalalar yuzasidan masalahatlashish, muammolarni hamjihatlikda hal etish uchun. “Bizga shunisi ham bo‘laveradi” qabilida ish yuritayotgan ayrim rahbarlarning eskicha ish uslubi esa vazifani o‘z vaqtida va to‘laqonli bajarishga xalal berayotir.

Yurtboshimiz 2017 yil 8 iyul kuni Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida “Nuroniy” jamg‘armasi Namangan viloyati bo‘limining yangi binosi va “Nuroniylar maskani” bilan tanisharkan, quyidagi so‘zlarni aytgandi: Keksalarni e'zozlash, ularga hurmat-ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos ezgu fazilatlardan. Mamlakatimizda yoshi ulug‘ insonlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, turmush sharoitlarini yanada yaxshilash, salomatligini mustahkamlashga alohida e'tibor qaratilmoqda. Zotan, nuroniylarni e'zozlagan kam bo‘lmaydi”.

Shu ma'noda, bugun keksa avlodga hurmat-izzat ko‘rsatib, “Nuroniylar maskanlari”ni o‘z vaqtida qurib, foydalanishga topshirish qay darajada ahamiyatli bo‘lsa, majmualarni qonunan haqiqiy egasi nomiga rasmiylashtirib berish ham shu qadar muhim. Binobarin, “Nuroniylar maskani” ma'naviyat va tarbiya o‘chog‘idir.

O‘ylaymizki, yaqin orada tegishli viloyatlar hokimliklaridan yuzaga kelgan savollarga qoniqarli javob olamiz.

Tohir Shomurodov

Mavzuga oid