Jamiyat | 15:16 / 04.08.2018
56606
4 daqiqa o‘qiladi

Yana chaqiruvga borgan tez tibbiy yordam vrachini kaltaklashdi: bunga nima sabab bo‘ldi?

Jamiyatning ziyolilar sinfiga mansub, faoliyati insonlarga yaxshilik qilish bo‘lgan tibbiyot xodimini aholi tomonidan urib, kaltaklangani haqida yozishning o‘zi qiyin.

Kecha, 3 avgust kuni soat 16:30 larda Farg‘ona viloyati, Oltiariq tuman Tibbiyot birlashmasi tasarrufidagi Poloson shaharchasida ishlab turgan tez tibbiy yordam shoxobchasiga Mozortagi ko‘cha, 50-uydan  chaqiruv bo‘ladi. 

Shoxobchaning navbatchi vrachi Shuhratbek Sirojiddinov va hamshira Umidaxon Husanovalar chaqiruvdan 5-10 daqiqalar o‘tib xonadonga yetib borishadi. Vrach hovliga darvozadan kirib borishi bilan xonadon egalaridan biri bo‘lgan yosh navqiron yigit yugurib kelib, vrachning boshiga qattiq zarba beradi. Kuchli zarbdan quloq pardasi shikastlanib, miyasi chayqalgan tibbiyot xodimi yiqiladi.  Uy egalari vrachni hushiga kela olmayotganini ko‘rib, hamshirani ichkarida xonadagi 1948 yilda tug‘ilgan, 70 yoshli bemorni oldiga olib kirib ketishgan.

Vrach tashqarida o‘ziga kelgach, yosh hamshira qizdan xavotir olib, ichkariga, bemorning oldiga kiradi. “Kirganimda shunga guvoh bo‘ldimki, otaxon ancha vaqt oldin uyqusida vafot etgan. Iyagi bog‘langan, xonadonga odam to‘planib, yig‘i-sig‘ini ham boshlashgan ekan. Ish faoliyatimizda bunday holatlar uchrab turadi. Bemorni qarindoshlari, hali ham yashab ketishiga umid bog‘lab: “Yana bir ko‘ringlar, balki yuragi urib ketar”, deb chaqirishadi”, - deydi vrach Shuhratbek Sirojiddinov.

So‘ng boshiga berilgan zarbadan miyasi chayqalib, chap qulog‘i eshitmay qolgan vrachga hamshira birinchi yordam ko‘rsatadi. Ayni paytda shifokor Oltiariq shoshilinch tibbiy bo‘limida yotibdi. Miya chayqalishi, quloq pardalarining shikastlanishi bilan o‘rnidan turmay davolanayotgan vrach bilan suhbatlashib, voqeaga oydinlik kiritdik.

Mazkur qonunbuzarlik holati bo‘yicha surishtiruv ishlarini boshlagan tuman IIB uchastka profilaktika inspektori Muhiddin Teshaboyevga qo‘ng‘iroq qildik. “Haqiqatda, 3 avgust kuni chaqiruvga borgan tez tibbiy yordam vrachi Shuhratbek Sirojiddinov bilan bog‘liq voqea bo‘yicha ish ochilgan. Hozir surishtiruv ishlari olib borilyapti. Shuning uchun boshqa hech qanday ma'lumot bera olmayman”, - deydi inspektor.

Biz bo‘lib o‘tgan noxush holat bo‘yicha maqola tayyorlashda faqat bir taraf - vrach Shuhratbek Sirojiddinovning so‘zlariga tayandik. Tafsilotlar surishtiruv ishlari yakunlangach oydinlashadi. Aybdorlar aniqlanib, tegishli jazosini olishiga shubhamiz yo‘q.

Lekin uzoq yillar oliygoh auditoriyalarda mashaqqat bilan ilm olib, insonlarga  ko‘mak berish kasbini tanlagan oq libosli  shifokorlarni  himoyalash uchun alohida hujjat qabul qilish kerakka o‘xshaydi. Yana mas'uliyatli kasb egalariga nisbatan bugungi jamiyatning munosabatini o‘zgartirishishga harakat qilishimiz lozim.

Shu kunlarda Oltiariqqa borib, voqea tafsiloti va surishtiruv ishlari natijalari bilan tanishib qaytishni rejalashtirganmiz.

Mavzuga oid