Light | 22:20 / 04.08.2018
27713
10 daqiqa o‘qiladi

Repetitorlikdan biznesmenlikka: u kabob yetkazish xizmatini ishga tushirdi

Vardan Nersisyan — voronejlik «Lavash36» kabobxonasi asoschisi. U o‘z biznesini 2011 yilda ishga tushirgan. Boshqa kabobxonalardan farqlanish uchun uyga yetkazib berishni yo‘lga qo‘ygan.

Nersisyan hatto ana shunday konservativ sohada ham qo‘shimcha texnologiyalar yordamida qo‘shimcha afzalliklarga ega bo‘lish imkoniyatini qayd etdi: u sayt yaratdi, onlayn-to‘lov va ekvayringni kiritdi, shuningdek, Delivery Club va taom yetkazish bo‘yicha boshqa agregatorlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydi.

Foto: Lavash36

Yetti yil davomida tadbirkor bankrotlik yoqasiga kelish, xatolarini vaqtida sezish va to‘g‘rilashga ham ulgurdi. Bugun u “Dodo-pitssa” asoschisi Fyodor Ovchinnikovning muvaffaqiyatini takrorlash va kabobni kundalik taomga o‘zgartirishni orzu qiladi.

Oilaviy ish

Oilasi Armanistondan Voronejga ko‘chib kelganida Vardan Nersisyan 13 yoshda edi. Uning otasi - taksi haydovchisi, onasi – o‘qituvchi bo‘lib ishga joylashdi. Ota-onasi Vardan va uning ikkita aka-ukasi Rossiyada oliy ma'lumotga ega bo‘lishini istashardi.

Nersisyan rus tilida gapirmasdi, biroq to‘rt yil davomida tilni o‘rganib, 2004 yilda Voronej davlat universitetining lingvistika fakultetiga o‘qishga kirdi. 22 yoshga to‘lganida u ingliz va fransuz tili bilan qo‘shib hisoblaganda to‘rt tilda gaplashardi.

Oliy ta'lim muassasasini tamomlagach, u ikkita yo‘nalishda ishlay boshladi. Kunduz kuni xonadonlarni ta'mirlash bo‘yicha ustaning yordamchisi, kechki paytlari o‘quvchilarga til o‘rgatish bo‘yicha repetitorlik qilardi.

Bir necha yil o‘tgach charchaganini his qildi. Tanishlari to‘laqonli hayot kechirayotgan, ekzotik mamlakatlar, kechalarda olingan suratlarini ijtimoiy tarmoqlarda  joylashtirayotgan, yangi avtomobillari bilan maqtanayotgan bir vaqtda u bir ishdan boshqasiga borib, kun kechirardi. U hayotini o‘zgartirib, ko‘proq pul ishlab topishni istardi. Bayram tadbirida do‘sti bilan bo‘lgan suhbat o‘zgarishlarga turtki bo‘ldi.

U quyidagicha fikr yuritardi: “Otam doim zavodda ishlagan va men ham ishchiga aylandim. Kimning otasi badavlat amaldor bo‘lsa, o‘zi ham amaldorga aylanadi”.

Nersisyan tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga qaror qildi. Bir necha yil yollanib ishlagani sabab 100 ming rublga yaqin pul to‘plashga muvaffaq bo‘lgandi. Shuning uchun kredit olmaslik maqsadida “kirish ostonasi past bo‘lgan soha”ni izlay boshladi.

Oilaviy kengashda otasi unga kabobxona ochishni maslahat berdi – u professional oshpaz bo‘lmasa-da, taomni “yurakdan” tayyorlardi. Bu kabi muassasalar Voronejda yetarli edi, shuning uchun Nersisyan ulardan ajralib turish usulini izlay boshladi.

Shaharda taom yetkazib berish xizmatlari paydo bo‘lgani, ular pitssa va rolga ixtisoslashgani, kabob esa yetkazib berilmasligi uning e'tiborini tortdi. Ana o‘shanda Nersisyan yetkazib berishga diqqatini qaratishga qaror qildi. Bu kam pul sarflab, biznesni ishga tushirish imkonini berardi. Otasi bilan avval ishlatilgan qo‘ra (mangal), sovutgich va boshqa qurilmalarni sotib olishdi. Kompaniyani hudud kodi nomi bilan “Lavash36” deb atashdi.

Foto: Lavash36

Konstruktor yordamida tadbirkor sayt yaratib, uni targ‘ib qilish bilan shug‘ullandi. 2011 yilning kuz faslida ota va o‘g‘il kabobning oilaviy retsepti bo‘yicha ilk partiyasini tayyorlashdi (uni tadbirkor sir tutadi).

Biznes mexanikasi oddiy edi: erta tongda Nersisyanning otasi bozordan go‘sht sotib olib, marinad tayyorlardi. Saytga buyurtma kelganida Nersisyan otasiga qo‘ng‘iroq qilar, otasi esa kabobni tayyorlar, keyin esa yigit uni mijozga yetkazardi.

Ish rivojlanib ketguniga qadar Nersisyan repetitorlik bilan shug‘ullanishda davom etdi. Bir necha bor noqulay vaziyatlarga tushdi.

Bir kuni o‘quvchisi bilan dars tayyorlayotgan vaqtda buyurtmalar uchun telefon jiringlab qoldi. Men: “Labbay? Lo‘la-kabobmi? Afsuski biz tayyorlamaymiz. Biroq boshqa turdagi kaboblar bor. Olasizmi?”

Vardan Nersisyan

Nersisyanning so‘zlariga ko‘ra, 2012 yilda korxona foyda olib keldi. Biroq u ham, otasi ham kirim hisobini yuritishmasdi. Ichki ovozga qarab ish tutishardi: tongda cho‘ntaklarida qancha pul borligi, kechga borib qanchaga ortganiga qarashardi.

Shunga qaramay, ish qaltis edi. Nersisyan YaTTni rasmiylashtirdi va SESni ogohlantirdi (qonun shuni talab qilardi), biroq istalgan vaqtda yong‘in inspektorlari tekshiruv bilan kelishlari mumkin edi. Omadi kelib, hech kim tekshiruvga kelmadi.

Transformatsiya

2012 yilda Nersisyan Moskvaga ko‘chib o‘tishiga to‘g‘ri keldi – qarindoshlari undan biznesni rivojlantirishga yordam so‘rashdi. O‘z o‘rniga boshqaruvchi qoldirdi va unga foydaning 50 foizini taklif qildi.

Dastlab ish yaxshi ketayotgandi. Bir yil o‘tgach, otasi nafaqaga chiqishga qaror qildi va o‘z o‘rniga oshpazni ishga oldi. Ana o‘shandan keyin muammolar paydo bo‘ldi.

Nersisyan Moskvada bo‘lgani sabab oshpaz qanday go‘sht sotib olayotgani, marinadlash jarayoni, pishirishi va yetkazib beruvchilar mijozlar bilan qanday muloqot qilayotganini tekshira olmasdi. Asta-sekin savdolar pasaydi. Tadbirkor xatoga yo‘l qo‘yganini angladi: boshqaruvchi qanchalik yaxshi bo‘lmasin, biznes rivojiga uning egasi kabi kirishmaydi.

Foto: Lavash36

2014 yilda Nersisyan Voronejga qaytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, biznes shu darajada jar yoqasiga kelib qolgandiki, uni qayta tiklashga qaraganda qaytadan ishga tushirish oson edi. Moskvadagi ishi tufayli puli yetarli edi.

Birinchi navbatda tadbirkor yangi bino topdi. 100 m² lik muhitda mahsulotlar uchun omborxona, go‘shtni marinadlash va pishirish zonasini joylashtirish mumkin edi.

Yangi oshxona assortimentni ko‘paytirib, taomnomaga shaurma, salat va garnirlarni qo‘shish imkonini berdi.

Bundan tashqari, tadbirkor yangi xodimlarni ishga oldi – yetkazib beruvchilar va oshpazning yordamchilari. Natijada shtat o‘n kishiga yetdi.

Nersisyan mahsulotlar xaridini ham optimallashtirdi. Har kuni ishchini bozorga yuborish o‘rniga oziq-ovqat kompaniyalari bilan doimiy yetkazib berish haqida shartnoma tuzdi. Bu esa logistika xarajatlarini kamaytirish imkonini berdi.

Qayta ishga tushirish uchun  Nersisyan 500 ming rublga yaqin pul sarfladi. U saytni ham butunlay yangiladi: mijozlarga qulay bo‘lishi uchun shaxsiy kabinet va onlayn-to‘lovni ishga tushirdi. Yetkazib beruvchilar ham elektron to‘lovlarni qabul qilishi uchun ekvayringni ham qo‘shdi.

Bir kuni “Lavash36” taomnomani palov va manti hisobiga kengaytirmoqchi bo‘ldi. Bu sarguzasht omadsiz bo‘ldi.

2018 yilning oxiriga qadar Nersisyan yangi taomlarni qo‘shishni rejalashtirmoqda: desertlar va ichimliklar. Mijozlar tadbirkordan shuni so‘rashgan.

“Lavash36” har kuni 150 porsiyagacha cho‘chqa, qush, buzoq, baliq va qo‘y go‘shtidan kabob tayyorlaydi. Portsiya narxi taomga qarab 150 dan 500 rublgacha bo‘ladi.

Yetkazib berish 90 daqiqa vaqt oladi, undan 30-40 daqiqasi taomni tayyorlashga ketadi. Nersisyaning so‘zlariga qaraganda, bu qiyinchiliklar tug‘dirmoqda, ba'zi mijozlar shuncha vaqt kutishga tayyor emaslar. Kelajakda yetkazib berish vaqtini 60 daqiqaga qisqartirishni rejalashtirmoqda. Bu esa talabni prognoz qilish tizimi tufayli amalga oshiriladi.

Kabob bu — yangi pitssa

Nersisyanda yetti yil davomida 354 ta muassasasaga asos solgan «Dodo Pitstsa» asoschisi Fyodor Ovchinnikov misoli taassurot uyg‘otgan.

2017 yilda o‘zini yuqori cho‘qqiga erishgan deb hisoblagan Nersisyan “Dodo”ning sobiq top-menejyeri Marsel Ziganshin u bilan hamkorlik qilish taklifi bilan murojaat qildi.

Foto: Lavash36

Taklif sobiq top-menejyerni o‘ziga jalb qilmadi. Biroq u Nersisyanni taom yetkazish bo‘yicha seminariga taklif qildi. Marselning mazkur sohada bergan ma'lumotlari tadbirkorga qo‘l keldi.

Marsel Nersisyanni kaydzen konsepsiyasi  - mahsulotni doimiy ravishda yaxshilash bilan tanishtirdi. Shu bilan birga ko‘proq vaqtini oshxonada o‘tkazishni maslahat berdi: xodimlar ishini kuzatish va ularning mehnati samarasini oshirish uchun optimallashtirish. Bu amaliyot “genti genbutsu” deb nomlanadi.

Nersinyan  biznesni rivojlantirish turli qimmatbaho buyumlar va ko‘chmas mulk sotib olishga qaraganda muhimroq ekanini anglaganidan keyin o‘zini tadbirkor deya hisoblay boshladi. So‘nggi 18 yil ijaradagi uyda yashaydi va mablag‘ini kompaniya rivojiga sarflaydi.

Mavzuga oid