Bu yuz berdi: AQSh Eronga qarshi sanksiyalarni «jonlantirmoqda»
AQSh hukumati Eron yadro dasturi bo‘yicha barbod bo‘lgan kelishuvlardan so‘ng prezident tomonidan imzolangan sanksiyalar paketini ishga tushirishga qaror qildi. 7 avgust kuni AQSh birinchi qadamni tashlashi kutilmoqda. Bu haqda Oq uy ma'lumot tarqatgan.
«Donald Tramp imzolagan qarorga ko‘ra, rasmiy Tehron bilan savdo munosabatlarida cheklovlar joriy etiladi, Eron milliy valyutasi va tashqi qarzi bo‘yicha amaliyotlar, shuningdek Eron hukumatiga dollarni sotish bo‘yicha taqiq qo‘yiladi», deyiladi rasmiy xabarda.
Barchasi nimadan boshlandi?
2016 yili AQSh prezidenti etib saylangan Donald Tramp tez orada tashqi siyosatda katta burilish yasay oldi. O‘sha paytda AQShning BMTdagi sobiq doimiy vakili Jon Bolton Yaqin sharq mintaqasida uzoq muddatli xavfsizlikni ta'minlash omilini bildirgandi. Unga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Eron tuzumini o‘zgartirish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi, ayni maqsadga xizmat qiladi.
«Oyatullolar Yaqin sharqdagi tinchlik va xalqaro xavfsizlikka asosiy tahdidlardir. Albatta, ularning hokimiyatdan chetlashtirilishi mintaqaga yorug‘lik va totli hayot taqdim etmaydi, ammo asosiy xavfga barham beradi», — degan Bolton.
O‘tgan yozda Jon Boltonga ko‘pchilik qanotlari qayrilgan, oyoqlariga tushov tushgan lochin kabi qarardi. AQShning BMTdagi sobiq elchisi, Iroq kampaniyasining ashaddiy xayrixohi sifatida tanilgan amerikalik mutaxassis, biroz oldin prezident Donald Trampga maxsus tayyorlangan ma'lumotlarni yetkaza olmaganidan nolib yurgandi.
Biroq, oh-voylarga xojat yo‘q: u 9 apreldan boshlab AQSh prezidentining Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi sifatida ish boshladi. Ya'ni Eron bo‘yicha erishilgan kelishuvlar bekor bo‘lishi Yaqin Sharq, Eron va uning ittifoqchilari, hatto AQSh uchun ham real haqiqatga aylanayozgandi.
Janob Tramp uzoq vaqtdan buyon «Umumiy qo‘shma tadbirlar rejasi» (JCPOA) nomi bilan atalgan kelishuvdan nafratlanishi ochiq bayon qiladi. Shunga qaramay, 120 kun davomida har kuni prezident kiritilgan sanksiyalarni majburan qoldirish uchun imzo chekdi, shuning uchun ham ayrim amerikaliklar Eron yadro dasturi bo‘yicha kelishuvdan voz kechish ichki siyosatda ham katta burilish yasab yuborishini yaxshi anglaydi. Vaziyat endi o‘zgardi.
Shu yilning 13 mart kuni Reks Tillerson o‘rnini egallagan MRB sobiq rahbari, ayni paytda Davlat kotibiga aylangan Mayk Pompeoga ko‘ra, Qo‘shma Shtatlar Eronga qarshi sanksiyalarni Tehron o‘z siyosatini keskin o‘zgartirmagunga qadar saqlab qoladi.
Eronning yadro dasturidan voz kechishi nega zaruriyatga aylandi?
Hozirgi paytda Amerika yetakchisi Eronni «normal mamlakat kabi o‘zini tutishga» majbur qilmoqchi. Bu yakka hodisa emas: AQSh Rossiyaning Qrim ustidan hukmronligiga chek qo‘yilishini talab qilgan paytlari ham bo‘ldi, sanksiyalar kiritdi. Hanuzgacha Rossiya bu talabni bajarmaydi.
AQSh Fors ko‘rfazidagi vaziyatga beparvo bo‘lishi ham mumkin, mintaqada Isroil omilini hisobga olmasak, Eronning yadroni boyitish dasturi to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdidni keltirib chiqarmaydi, balki kuchlar muvozanatining o‘zgarishiga sababchi bo‘ladi. Mana shu o‘zgarish ham AQShning tashqi siyosatida paydo bo‘lgan tahdid sifatida ko‘rilishi mumkin.
Sanktsiyadan kim foyda ko‘radi?
Albatta, zarar ko‘rgan Eron, qisman AQSh bo‘lishi mumkin. Atrofdagi barcha o‘yinchilar esa vaziyatdan foyda qidiradi: Eron avtosanoatiga kiritilayotgan taqiqlar aslida O‘zbekiston uchun qulay vaziyatni paydo qiladi. Ammo, Eronning meva-sabzavotlari, oziq-ovqat sanoati katta zararga kirishi turgan gap.
Besh punktdan iborat sanksiyalar paketining qolgan qismi 5 noyabrga qadar ishga tushadi, deb va'da bermoqda Oq uy. Xullas, Obama erishgan tinchlik shartlari jahon hamjamiyati ko‘z oldida barbod bo‘lmoqda.
Mavzuga oid
10:05
YeI Rossiya uchun ballistika tufayli Eronga qarshi sanksiyalar tayyorladi
22:30 / 15.11.2024
Tramp jamoasi bilan Ukrainadagi urush tezroq tugaydi - Zelenskiy
20:37 / 15.11.2024
Isroil Erondagi maxfiy yadro laboratoriyasini yo‘q qildi - OAV
19:22 / 15.11.2024