Light | 00:23 / 07.08.2018
9083
3 daqiqa o‘qiladi

Mutolaa zavqi. "Alkimyogar" muallifidan yana bir sovg‘a

Siz ham hayotda biroz g‘alatiroq odamlarni ko‘rgansiz-a, ko‘zi porlab turadigan, ko‘rganingizda xuddi qadrdonlardek tuyuladiganlarni “fayzli odam ekan”, deysiz. Faqat savollari ko‘p, biroz notabiiy gaplari sizga erish tuyulsa-da, ichingizda unga tan berasiz.

"Portabello jodugari" Afina bolaligidanoq sirli qizcha edi, uning hamma narsasi yurishi, savollari, o‘zini tutishi ham allaqanday boshqacha edi.

Qizcha tushida “do‘zaxni ko‘rdim”, deganida onasi qizining gapidan dahshatga tushib uni psixologga olib boradi, ammo ertasiga haqiqatan ularning yurtida notinchliklar boshlanadi.

Qizcha ulg‘aygani sari uning oldiga qo‘yayotgan savollar va u izlayotgani hamma qatori emasligi ma'lum bo‘lib boradi. Jamiyat, insonlar uning to‘g‘ri so‘zlariga tan berishsa-da uni qabul qilishni istashmaydi. U bankda ishlarkan avvaliga u bilan salomlashishniyam istamaydiganlar keyinchalik usiz jamoada fayz yo‘qligini bilishadi.

Afina jamoa a'zolarini ruhan tinchlanishga undarkan ish insonlar uchun g‘iybatxonamas haqiqiy bayramga aylanadi...

Afsuski Afinani tushunishga oddiy inson aqli ojizlik qiladi, o‘zini o‘zi poklab borayotgan qizda intuitsiya kuchli edi, bu esa uni jodugar deyilishiga sabab bo‘ldi.

Kitobdagi bugunimizga xos holat - halovatning yo‘qligi o‘quvchini o‘ziga ipsiz bog‘lab qo‘yadi. “O‘n yil yotib yeyishga mablag‘im bor, ammo xotirjam emasman”, deb zorlangan Afinada o‘zini, o‘zligini anglashga chuqur intilishni kuzatamiz. Kitob yakunigacha “Afina jodugarmi?” degan savolga javob izlaysiz. Bu kitobni bir varaqlab shunchaki qo‘yib qo‘yadigan emas, balki bir nafasda o‘qiladigan kitoblar sirasiga kiritish mumkin.

"Portabello jodugari"dan iqtiboslar: Yer bizga emas, biz yerga tegishlimiz. Agar adashdim deb o‘ylayotgan bo‘lsang, ustingdan kul. Ishchi jamoani orkestr deb olsak yaxshi menejyer bu har bir san'atkorning holidan xabardor shaxsdir, unga kim musiqadan chiqib ketayapti, kim butun vujudi bilan kuylayapti, kim shunchaki jo‘r bo‘layapti hammasi ayon. Eng ilojsiz qolganingda ham o‘zing haqingda yaxshi fikrda bo‘l.
 


Zuhra Ro‘ziyeva, kitobxon

O‘qishni tavsiya etamiz:  "Qumdagi xotin" xususida

​​“So‘nggi to‘fon” - halollik haqida asar