Light | 23:09 / 07.08.2018
73330
4 daqiqa o‘qiladi

Yurakka ziyon yetkazuvchi olti odat

Yurak salomatligini saqlash uchun to‘g‘ri ovqatlanish bilan sportning o‘zi yetarli emas. "Zdorove s Yelenoy Malyshevoy"da yurakka ziyon yetkazmaslik uchun voz kechish kerak bo‘lgan odatlar haqida ma'lumot berildi.

Shunday qilib, quyidagi 6 odat yurak faoliyatiga salbiy ta'sir ko‘rsatar ekan:

1. Uzoq o‘tirish

Mayo klinikasi (AQSh) mutaxassislarining ta'kidlashicha, kuniga 10 soatdan ortiq o‘tirish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini ikki baravardan ko‘proqqa oshirar ekan. Yog‘ parchalanmaydi, qon aylanishi sekinlashadi va yog‘ kislotalari qon tomirlarini osonlikcha to‘sib qo‘yadi.

2. Asabiylashish

Stressni boshdan kechirish - normal holat, hammasini ichga yutish esa yaxshilikka olib kelmaydi. Uni bartaraf qilish uchun sport bilan shug‘ullaning, meditatsiya qiling yoki do‘stlaringiz bilan uchrashib, vaqtingizni chog‘ o‘tkazing. Bu ayniqsa, yosh ayollar uchun muhimdir. Amerikalik kardiologlarning so‘zlariga ko‘ra, uzoq emotsional stress yurakka juda yomon ta'sir qiladi.

Olimlarning fikricha, muntazam jismoniy mashqlar  stressdan xalos bo‘lish hamda yurakka ziyon yetkazmaslikning eng foydali yo‘li bo‘lishi mumkin.

3. Misvokdan foydalanmaslik

Ha, misvok faqat tishlar uchun foydali emas. U taom qoldiqlarini yo‘q qilib, bakteriyalar rivojlanishi oldini oladi. Tadqiqotlarning ko‘rsatishicha, og‘izdagi bakteriyalar qonga o‘tib, organizmda yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin ekan. Surunkali yallig‘lanish, o‘z navbatida, qon tomirlari kasalliklarini keltirib chiqaradi. Oxir-oqibat, bu insult yoki yurak xurujiga olib kelishi mumkin. 

4. Spirtli ichimliklar ichish

Muntazam ravishda spirtli ichimliklarni iste'mol qiluvchi odamlar gipertoniya, ortiqcha vazn, insult, jigar kasalliklari, saraton va depressiyadan ko‘proq aziyat chekishar ekan. Alkogol ichimliklar biz o‘ylagandan-da zararli bo‘lib chiqdi.

5. To‘yib uxlamaslik

Uyqu yurak-qon tomir tizimiga dam olish imkonini beradi: biz uxlayotganimizda yurak qisqartmalari chastotasi va arterial qon bosimi pasayadi. Surunkali uyqusizlik esa, aksincha, kortizol va adrenalin miqdorini oshirar ekan, natijada organizm haqiqiy stressga yo‘liqadi.

Ko‘p sonli tadqiqotlarning tasdiqlashicha, olti soatdan kam uxlaydiganlar yurak kasalliklariga ko‘proq moyil bo‘lishar ekan, ularning insult natijasida hayotdan ko‘z yumish xavfi yuqori.

6. Jamoatchilikdan uzoqlashish

Har bir inson vaqti-vaqti bilan shovqindan uzoqlashgisi keladi - bu tabiiy istak. Biroq muntazam ravishda muloqot yetishmaydigan kishilarda yurak kasalliklari natijasidagi o‘lim holati boshqalarga qaraganda ko‘proq uchrar ekan. Ba'zi tadqiqotlar yolg‘izlikning hatto chekish, gipertoniya va xolesterinning yuqori darajasi kabi xavfli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.

Ehtimol, shundaydir, chunki yaqinlar va do‘stlarimiz ko‘pincha bizni sport bilan shug‘ullanishga, faollashishga va sog‘lom ovqatlanishga undashadi. Shu bilan birga, ular bilan muloqot qilish stressni sezilarli darajada pasaytiradi.

Mavzuga oid