Jahon | 21:44 / 09.08.2018
6672
2 daqiqa o‘qiladi

Yamanda avtobusga uyushtirilgan hujum qurbonlari soni 50 kishiga yetdi

Foto: AP Photo / Mohammed al-Qadhi

Yamanning Saada shahrida halok bo‘lgan tinch aholi soni 50 kishiga yetdi, 77 kishi jarohat oldi, deb xabar qildi Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi Twitter sahifasida.

Avvalroq qo‘mita Saada shahrida avtobusga uyushtirilgan hujum natijasida kamida 29 nafar bola halok bo‘lgani va 30 nafar bola jarohatlangani haqida xabar qilgandi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lgan bolalarning barchasi 15 yoshga to‘lmagan bolalar bo‘lgan. 

Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Yusuf al-Xadiriy Twitter’da Saadaga berilgan aviazarba oqibatida 40dan ortiq kishi halok bo‘lgani va 60dan ortiq kishi yaralanganini ma'lum qildi.

Xusiylar nazorati ostidagi Al-Masira" telekanali Sanodagi sog‘liqni saqlash vazirligiga tayanib bolalarni olib ketayotgan avtobusga qilingan hujum oqibatida qurbonlar soni 47 kishini tashkil qilganini, 77 kishi jarohatlanganini xabar qilgandi.

"Yamanda hujum oqibatida halok bo‘lganlar soni 50 kishiga yetdi, 77 kishi jarohatlandi. Qurbon bo‘lganlarning aksariyati bolalar. Kattalar olov yoqadigan urush uchun birorta ham bola tovon to‘lamasligi lozim", — deyiladi Qizil Xoch qo‘mitasi xabarida.

Al-Arabia telekanalining Saudiya Arabistoni boshchiligidagi koalitsiya bayonotiga tayanib ma'lum qilishicha, zarba amalga oshirilgan raketa koalitsiyaga tegishli bo‘lgan va xusiylarning Saadada joylashgan raketa uskunalarini nishonga olgan.

Mavzuga oid