Sport | 21:06 / 09.08.2018
12924
3 daqiqa o‘qiladi

PFL Superliga formatini o‘zgartirish mantiqsizlik ekanini tan oldi

Ikki kun oldin tahririyatimizga PFL bosh direktori Omon G‘afurov tomonidan 6 avgust kuni imzolangan №466-sonli xat kelib tushgani, unga asosan tashkilot mavsum o‘rtasida Superliga reglamentiga o‘zgartirish kiritish borasida klublardan takliflar so‘raganini ma'lum qilgandik. Unda «kelishilgan o‘yinlar vujudga kelishi avj olayotgani» sabab sifatida keltirilib, chempionatdagi «oltin ochko» qoidasini bekor qilish haqida klublar rahbarlarining fikri so‘ralgan.

O‘ta savodsizlarcha yozilgan maktubga PFL bosh direktori Omon G‘afurov imzosi qo‘yilgan edi. Ertasi kuni, ya'ni kecha Omon Fayzullayevich ushbu holatga izoh berib, Superliga klublariga reglamentni o‘zgartirish masalasida xat yuborilganini tasdiqladi. «Biz faqat klublarning ham «oltin ochkolar» qoidasi haqidagi fikrini bilish maqsadida xat jo‘natdik», - dedi G‘afurov.

Bugun esa tashkilot bosh direktori o‘rinbosari Diyor Imomxo‘jayev Telegram’dagi kanalida kecha o‘z boshlig‘i tasdiqlagan ma'lumotlarni «asossiz» deb e'lon qildi:

«Superliga formatining o‘zgarishi borasidagi gap-so‘zlar asossiz. Allaqachon 20-turi yakuniga yetgan O‘zbekiston Superligasining formati o‘zgarmaydi», - deb yozdi PFL rasmiysi.

Imomxo‘jayevning ta'kidlashicha, «bunda «oltin ochko» qoidasi o‘z kuchini saqlab qoladi. Professional futbol ligasi mavsumning qoq o‘rtasida chempionat formati o‘zgarishini mantiqsiz ish deb hisoblaydi. Bungacha bo‘lgan gap-so‘zlar esa hech qanday asosga ega emas».

O‘z-o‘zidan futbol jamoatchiligida bir qator haqli savollar tug‘ilmoqda. «Mavsumning qoq o‘rtasida chempionat formati o‘zgarishini mantiqsiz ish deb hisoblaydigan» PFL nima uchun bu masalani ko‘tardi? Nega kecha direktor tasdiqlagan ma'lumotni bugun o‘rinbosari rad etmoqda? Tashkilot qaysi faktlar asosida kelishilgan o‘yinlarning «vujudga kelishi avj olayotgani»ni ta'kidlamoqda?

Professional futbol ligasidan ushbu holatga to‘la oydinlik kiritish uchun, mavsum o‘rtasida reglamentga o‘zgartirish kiritish borasida klublarning fikrini bilish nega kerak bo‘lib qolgani to‘g‘risida batafsil bayonot bilan chiqishini kutib qolamiz.

Qolaversa, tashkilot o‘z rasmiy saytiga ayni muhokama mavzusi bo‘lgan hujjat – 2018 yilgi musobaqalar reglamentini joylab qo‘ysa, o‘z nomiga munosib professional yo‘l tutgan bo‘lardi.

Mavzuga oid