O‘zbekiston | 17:02 / 10.08.2018
19338
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zavtosanoat» MAN bilan bog‘liq gap-so‘zlarni rad etdi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekistonda «Kamaz» yuk mashinalari Samarqanddagi MAN maydonida yig‘ilmaydi. Zavod avvalgi rejimda ishlashni davom ettiradi. Bu haqda Kun.uz muxbiriga «O‘zavtosanoat» kompaniyasidan xabar berishdi.

Rossiya matbuoti ma'lumotiga ko‘ra, bugun Tatariston prezidenti Rustam Minnixanov bilan uchrashuv chog‘ida Toshkent viloyati hokimi G‘ulomjon Ibrohimov O‘zbekiston «MAN ishlab chiqarishni to‘xtatayotgani, bu maydonda «Kamaz» ish boshlashi» haqida ma'lum qildi.

«Hech narsa to‘xtilmaydi. MAN qanday ishlagan bo‘lsa, shunday ishlashda davom etadi. U (G‘ulomjon Ibragimov - tah.) o‘z fikrini noto‘g‘ri ifoda etdi. «Kamaz»ning O‘zbekistondagi quvvatlari UzAuto Trailer bazasida ishlamoqda», - degan Kun.uz suhbatdoshi.

Shuningdek, kompaniya O‘zbekiston Mudofaa vazirligi 1,1 mingta «Kamaz» yuk mashinalariga buyurtma berganini tasdiqladi.

UzAuto Trailer zavodi - «O‘zavtosanoat» AJning 100% sho‘'ba korxonasi bo‘lib, osma va tirkamali texnikani ishlab chiqaradi. U Samarqand viloyatining Jomboy shahrida joylashgan.

UzAutoTrailer zavodida joriy yilning birinchi choragida 100ta «Kamaz» yuk mashinalarining birinchi partiyasi ishlab chiqarildi. Zavodning ishlab chiqarish quvvati - yiliga 1,5 mingta, keyinchalik bu raqam uch mingtaga ko‘payadi. Rossiya texnikasi nafaqat mahalliy bozorga, balki Markaziy Osiyo, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlariga ham yetkazib berilishi rejalashtirilgan.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid