Jahon | 00:30 / 13.08.2018
38085
5 daqiqa o‘qiladi

Kaspiy - dengiz ham, ko‘l ham emas: Konventsiya nimalarni nazarda tutadi?

12 avgust kuni 20 yillik muhokamalardan so‘ng Rossiya, Eron, Ozarboyjon, Qozog‘iston va Turkmaniston prezidentlari Kaspiy dengizining huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyani imzolashdi.

Foto: RIA Novosti / Aleksey Nikolskiy

SSSR tarqalganidan keyin mazkur akvahududni ajratish va resurslarni taqsimlash muammosi paydo bo‘ldi. Sobiq ittifoq mamlakatlari Kaspiyga da'vogarliklari haqida ma'lum qilishdi.

Ta'kidlash joizki, Kaspiy - Yevropa va Osiyo chorrahasida joylashgan suv havzasi, neft va tabiiy gaz qazib olinuvchi eng qadimiy hududlardan biri.

Kaspiyning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiya nimalarni nazarda tutadi:

  • Kaspiy - besh mamlakatning quruqlikdagi hududlari bilan o‘ralgan suv havzasi deya nomlandi (dengiz ham, ko‘l ham emas);
  • Kaspiy akvatoriyasi ichki suvlar, hududiy suvlar, baliqchilik zonalari va umumiy suv maydoniga ajratiladi;
  • yer osti boyliklari davlatlar tomonidan xalqaro huquq me'yorlariga asoslangan kelishuvga muvofiq taqsimlanadi;
  • kemasozlik, baliqchilik, ilmiy tadqiqotlar, kabel va magistral quvurlar bilan bog‘liq qoidalar belgilab olindi;
  • xorijiy mamlakatlar harbiy bazalarining joylashuvi va Kaspiy bo‘yi davlatlariga tegishli bo‘lmagan kemalar faoliyati taqiqlanadi;
  • mintaqadagi davlatlar dengiz xavfsizligini ta'minlash uchun mas'ul;
  • keng ko‘lamli dengiz loyihalarini amalga oshirishda ekologik omil albatta inobatga olinishi kerak.

Prezidentlar qanday yangi takliflar bildirishdi?

Foto: RIA Novosti / Aleksey Nikolskiy

Kaspiy bo‘yi mamlakatlari prezidentlari Konventsiyaning imzolanishi mintaqadagi ahil ko‘shnichilik aloqalarining mustahkamlanishiga yordam berishi va savdo, transport va energetika loyihalarini rivojlantirishga turtki berishiga ishonch bildirishmoqda. Buning uchun har yili Kaspiy "beshligi"ga kiruvchi mamlakatlardan birida o‘tkaziladigan Kaspiy iqtisodiy forumi formati yaratildi. Birinchi forum 2019 yilda Turkmanistonda o‘tkazilishi rejalashtirildi. Ashxobodda o‘tkazilishi kutilayotgan forumning sanasi tomonlar kelishuviga asosan belgilanadi.

Kaspiy bo‘yi mamlakatlari uchun muhim ahamiyatga ega hujjatlardan biri imzolangan bo‘lsa-da, sammitda oldinda qilinishi kerak bo‘lgan ishlar hali ko‘pligi qayd etildi. Masalan, Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev Kaspiy dengizidagi harbiy faoliyat bo‘yicha  alohida shartnoma imzolash g‘oyasi bilan chiqdi. Eron prezidenti Hasan Ruhoniy Kaspiy tubini chegaralash to‘g‘risidagi kelishuvga erishish zarurligini ta'kidladi. Putin o‘z o‘rnida dengiz transporti haqidagi bitimni ishlab chiqish muhimligiga urg‘u berib, Kaspiyda narkotrafikka qarshi kurashga doir hujjatni ishlab chiqish haqida o‘ylab ko‘rishni taklif qildi.

Investitsiyalarning o‘sishiga yo‘l ochilmoqda

Foto: Gettyimages

Kaspiy mamlakatlari imzolangan konvensiya investitsiyalar uchun yo‘l ochishi va dengiz bo‘yi davlatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlarni rag‘batlantirish uchun xizmat qilishiga umid qilmoqda. Sammitda so‘zga chiqqan Qozog‘iston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, hozircha o‘zaro savdo ko‘rsatkichlari havas qilarli darajada emas. Uning fikricha, tovarlar nomenklaturasini kengaytirish uchun muntazam ravishda besh mamlakat iqtisodiyot vazirlari o‘rtasida o‘zaro maslahatlashuvlar o‘tkazish maqsadga muvofiq.

Turkmaniston Kaspiyning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyaning qabul qilinishi orqali o‘zining gaz eksportini diversifikatsiya qilishga va shu tariqa turkman tabiiy gazini tashqi bozorlar, jumladan Yevropa mamlakatlariga chiqarish muammosini hal qilishga umid qilmoqda.

Shuningdek, Turkmaniston mazkur Konventsiya Kaspiy tubidan Ozarboyjongacha Transkaspiy gaz quvurini qurish va Transanatoliy gaz quvuri (TANAP)ga ulanishga imkon beradi, deya taxmin qilmoqda. Bu gaz quvuri Ozarboyjondan Gruziya va Turkiya orqali Gretsiya chegarasiga gaz yetkazib berishni ko‘zda tutadi, u yerdan Janubiy Yevropaga yo‘nalgan Transadriatik gaz quvuriga yo‘l ochiladi. Eng optimistik prognozlarga ko‘ra, Ozarboyjon tabiiy gazi 2019-2020 yillarga borib ana shu gaz quvurlari orqali Yevropaga yetkaziladi. 

Foto: RIA Novosti / Sergey Guneyev

Ozarboyjon, Gruziya, Turkmaniston, Turkiya va Yevroittifoq bir necha yillardan beri Kaspiy bo‘yi mintaqasidan Yevropaga tabiiy gaz eksporti loyihasi ustida ish olib borishmoqda. Kaspiyning huquqiy maqomi to‘g‘risidagi konvensiyaning imzolanishi esa bu jarayonni tezlashtirishi mumkin.

Bundan avval Kun.uz'da Kaspiy dengizi bo‘yicha sammit o‘z ishini boshlagani, besh mamlakat prezidentlari Aktau konvensiyasini imzolagani va Kaspiy bo‘yi mamlakatlari Eron yadroviy shartnomasini qo‘llab-quvvatlaganiga doir ma'lumotlar berilgan edi.

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid