Jahon | 01:12 / 13.08.2018
5719
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Suriyada yangi harbiy operatsiyalar o‘tkazishga tayyorlanmoqda 

Foto: aa.com.tr

Turkiya Suriyada yangi harbiy operatsiyalar o‘tkazish bo‘yicha tayyorgarlikning oxirgi bosqichida turibdi, dedi mamlakat prezidenti Rajab Tayyip Erdo‘g‘an.

"Biz "Frot qalqoni" va "Zaytun shoxi" operatsiyalari orqali barqarorlik ta'minlangan Suriyadagi hududlarga yangi hududlarni qo‘shishga tayyorgarlikning so‘nggi bosqichida turibmiz. Yaratganning yordami bilan yaqin kelajakda yangi hududlarni ozod qilib, ularning xavfsizligini ta'minlaymiz. Biz xavfsizlikni ta'minlagan joylarga mamlakatimizdan qaytib borganlar soni chorak million kishiga yetdi", — deya iqtibos keltirdi Erdo‘g‘anning so‘zlaridan Anadolu agentligi.

Turkiya armiyasi 2016 yil avgustda "Islom davlati" terrorchilik guruhi jangarilariga qarshi "Frot qalqoni" operatsiyasini boshlagandi. Suriya muxolifati ishtirokida Suriya shimolidagi Jarablus shahri va Al-Bob shaharlari qo‘lga kiritildi. Turkiya bosh vaziri Binali Yildirim 2017 yil mart oyi oxirlarida operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanganini e'lon qildi.

20 yanvar kuni Turkiya qurolli kuchlari bosh shtabi Suriyaning Afrin shahridagi kurd tuzilmalariga qarshi "Zaytun shoxi" operatsiyasini boshlaganini bildirdi. Turkiya bilan birgalikda u yerda "Suriya ozodlik armiyasi" (SOA) jangchilari ham harakat qildi. Turkiya prezidenti Rajab Toyyip Erdo‘g‘an 18 mart kuni Afrin shahri turk armiyasi va SOA nazoratiga o‘tganligini ma'lum qildi.

Suriya hukumati Turkiyaning Afrindagi harakatlarini qoraladi va bu hudud Suriyaning ajralmas qismi ekanligini bildirdi. 

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid