O‘zbekiston | 17:54 / 14.08.2018
3523
4 daqiqa o‘qiladi

Xorazm viloyatida “O‘zbek – Turkman do‘stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi boshqaruv direksiyasi tashkil etiladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “Xorazm viloyatidagi “O‘zbek – Turkman do‘stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi boshqaruv direksiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Xorazm viloyati hokimligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasining taklifiga muvofiq:

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining Xorazm viloyati madaniyat boshqarmasi tizimida davlat muassasasi hisoblangan “O‘zbek – Turkman do‘stlik uyi” va “Ulli hovli” majmuasi direksiyasi tashkil etilishi va uning boshqaruv xodimlarining cheklangan soni 9 nafardan iborat bo‘lgan tuzilmasi tasdiqlanishi mumkin;

Urganch tumani, G‘oybu qishlog‘i, Turkmanlar mahallasi hududida joylashgan “O‘zbek – Turkman do‘stlik uyi” majmuasining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda direksiyaga operativ boshqaruv huquqi asosida bepul beriladi;

Urganch tumani, G‘oybu qishlog‘i, Turkmanlar mahallasi hududida joylashgan “Ulli hovli” majmuasining bino va inshootlarini tegishli hududi bilan birgalikda direksiyaga ijara haqining “nol” stavkasida, istisno tariqasida, ijaraga berish huquqi bilan foydalanishga beriladi.

Quyidagilar direksiyaning asosiy vazifalari etib belgilandi:

majmuaning ilmiy konsepsiyasini ishlab chiqish va uni amalga oshirish;
majmuadagi obektlarda turli yo‘nalishlar va mavzularda madaniy-ma'rifiy, etnografik tadbirlarni amalga oshirish, badiiy ko‘rgazmalar tashkil etish, bunda, turli darajadagi ilmiy anjumanlar, festivallar, tanlovlar, yarmarkalar, sayillar o‘tkazib borish;
ular haqida nashr materiallarini tayyorlash va ommaviy axborot vositalari orqali keng targ‘ib etish;
majmuada ikki xalq do‘stligi mavzusini, uning dastlabki ko‘rinishi va o‘sha davr muhitini aks ettiruvchi doimiy ekspozitsiya-ko‘rgazma yaratish;
majmua, qardosh xalqlar haqida batafsil ma'lumotlar bazasini yaratish va uni muntazam yangilab borish, shunga oid kitob va to‘plamlar, video va foto hujjatlar kabi boshqa manbalarni izlash, to‘plash, o‘rganish va targ‘ib etish;
yuqori texnologiyalarga asoslangan internet tarmog‘i xizmati hamda axborot-resurs markazi faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish;
o‘rnatilgan tartibda, majmuaning tarixiy ko‘rinishini saqlagan va unga zarar yetkazmagan holda hududda zarur infratuzilmani shakllantirish, xizmatlar xilma-xilligi va sifatini oshirish, bu yerda dam olish va mazmunli hordiq chiqarish uchun qulay sharoitlar yaratish;
majmuani madaniy etnografik turistik markazga aylantirish, uning bu boradagi salohiyatini oshirish hamda faoliyatini rivojlantirish yuzasidan chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Quyidagilar Direktsiyaning moliyalashtirish manbalari etib belgilanadi:

Xorazm viloyati mahalliy byudjyeti mablag‘lari;
Bino va inshootlarni ijaraga berish va ularni qonun hujjatlarida taqiqlanmagan maqsadlarda foydalanishdan topilgan mablag‘lar;
direksiya tomonidan tovarlar (ishlar, xizmatlar)ni sotish hisobidan topilgan mablag‘lar;
qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid