Jamiyat | 17:04 / 14.08.2018
20974
5 daqiqa o‘qiladi

Oqdaryo uzra ko‘prik kerak: Ishtixonning Odil qishlog‘i aholisi uzog‘i yaqin, yo‘li xavfsiz bo‘lishini istaydi

Yodingizda bo‘lsa, Oqdaryo tumanidagi Oqsulot, Sarka, Qorateri va bir qator qishloq aholisining Qoradaryo (Zarafshon daryosi)ni kechib, Past Darg‘om tumani hududida joylashgan qabristonga mayyitlarni qo‘yishda, umuman, bir tumandan ikkinchisiga qatnashda ko‘prik yo‘qligi tufayli qiynalishayotgani haqida reportaj tayyorlagan edik.

Bu — ikki daryo oralig‘i — Miyonqol orolida joylashgan Oqdaryo tumanining janubidagi qishloqlar aholisini qiynab turgan bir hodisa edi. Biroq bu masalada viloyat hokimligi (o‘sha vaqtdagi viloyat hokimi T.Jo‘rayev) va tuman hokimligi (o‘sha vaqtdagi tuman hokimi P.O‘sarov) ham, mutasaddi tashkilotlardan ham sado chiqmagan edi.

Xuddi shunga o‘xshash hodisa Miyonqol orolining shimolida ham bor ekan. Oqdaryo uzra ko‘prik barpo etilib, kishilarning uzog‘i yaqin bo‘lishi istalmoqda.

Eng hayratlanarlisi, Qoradaryo va Oqdaryo uzra ko‘prik qurilsa Samarqand viloyatining markazidan o‘tuvchi, viloyat aholisining uzog‘ini yaqin qiluvchi yana bir muhim ahamiyatga ega yangi yo‘l paydo bo‘lgan bo‘lar edi. Masalan, Past Darg‘om tumani markazi Juma shahridan Qo‘shrabot shahrigacha yo‘l 70 kilometrgacha qisqarar edi. Hozir bu manzilni bosib o‘tish uchun 150 km.ga yaqin yo‘l yurish kerak bo‘ladi. Yangi yo‘l ne ne qishloqlarning ham uzog‘ini yaqin qilishini ham bir o‘ylab ko‘ring-a?

Endi so‘zlamoqchi bo‘lgan voqeamiz haqida batafsilroq hikoya qilsak.
 

Ishtixon tumani Odil qishlog‘idan Oqdaryo tumanining Yangiqo‘rg‘on shaharchasiga o‘tish uchun Oqdaryo ustidan mahalliy fuqarolardan kimdir eski metall parchalaridan ko‘prik yasab o‘rnatgan. Ko‘prik pullik, bir tomonga o‘tish uchun yengil avtomobillardan 1000 so‘mdan haq olinadi. Piyodalar tekinga o‘tadi.

Mavjud ko‘prik xavfsizlik texnikasi talablariga javob bermaydi. Unga bitta yengil mashina zo‘rg‘a sig‘adi. Yuk mashinalari Oqdaryo tumaniga o‘tishi uchun 40 kilometrcha ortiqcha yo‘l bosib Chelak shahri orqali yoki 30 km yo‘l bosib Ishtixon shahri orqali aylanib kelishlari kerak bo‘ladi.

Mahalla faollari va qishloq oqsoqollarining hikoya qilib berishlaricha, bir paytlar mana shu ko‘prik ham bo‘lmagan chog‘da, mashina va transportlar Oqdaryoning sayoz joyidan o‘tib qaytishgan. Biroq har yili bahorda hamda kuz oylarida Oqdaryoda suv ko‘payadi va uni kechib o‘tishning amalda imkoni bo‘lmaydi.

Odil qishlog‘i oqsoqollari, keksa pedagoglar, pensionerlar viloyat va respublika mutasaddilarining e'tiborini mazkur muammoga qaratishni istashadi.

Eng muhimi — har ikki tuman hududidan ko‘prikkacha asfaltlangan yo‘l kelib turibdi. Sifatli ko‘prik barpo etilsa bas.

Oqdaryoning bu yerdagi eni u qadar keng emas. Barcha qurilish normalari va talablariga rioya qilingan, xavfsiz, katta mashinalarni ham o‘tkaza oladigan ko‘prik qurilishi ishtixonlik va oqdaryolik fuqarolarning orzusi.

Shunda Yangiqo‘rg‘ondagi maxsus maktab-internatga qatnovchi maktab bolalari ham, u yoqdan bu yoqqa qatnovchi fermerlar, tadbirkorlarning ham uzog‘i yaqin, yo‘li xavfsiz bo‘lar edi.

Maqolamizning boshida ta'kidlaganimizdek, umuman, yiriqrok loyiha bilan Samarqand viloyati markazidan o‘tuvchi yana bir ichki yo‘l barpo etilishi, Zarafshon va Oqdaryo uzra yangi ko‘priklar loyihalashtirish zaruriyati bordek. Respublika va viloyatdagi mutasaddilar ushbu muammoga jiddiy e'tibor qaratib, hududlarni rivojlantirishga oid kelgusidagi rejalarida mazkur masalani ham hal etishni belgilab qo‘yishsa barcha birdek maqsadiga erishgan bo‘lar edi.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Mavzuga oid