Jamiyat | 19:44 / 22.08.2018
5983
2 daqiqa o‘qiladi

Respublika ishchi guruhi 100dan ortiq fuqarolarga nogironlik aravachalari topshirdi

“Obod qishloq” dasturi doirasida Respublika ishchi guruhi tomonidan Andijon viloyatining Qirg‘iziston bilan chegaradosh bo‘lgan Izboskan tumanining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holati, aholi muammolari, ularning dardu-tashvishi o‘rganib chiqilmoqda.

Kommunal (ichimlik suvi, gaz va elektr ta'minoti), sog‘liqni saqlash, uy-joy, bandlik hamda boshqa sohalardagi yechimini kutayotgan va hudud aholisini qiynayotgan o‘tkir muammolar bo‘yicha aholiga amaliy yordamlar ko‘rsatilmoqda.  

Respublika ishchi guruhi tomonidan mahalliy xokimlik bilan hamkorlikda joriy yilning 19 avgust kuni – “Qurbon hayiti bayrami” arafasida Izboskan tumanidagi ijtimoiy yordamga muhtoj nogironligi bo‘lgan 120 kishiga hamda kam ta'minlangan oilalar vakillari uchun tuman markaziy istirohat bog‘ida “Ko‘ngillar yayragan kun” nomli saxovat tadbiri tashkil etildi.

Unda 50 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga nogironlik aravachalari, 25 nafar nogironligi bo‘lgan shaxslarga qo‘ltiqtayoq, 20ta eshitish moslamasi va 25ta hassa bepul tarqatildi. 

Saxovat tadbiri ishtirokchilariga to‘kin dasturxon atrofida san'atkorlar va so‘z ustalarining chiqishlari tashkil etilib, ularga xursandchilik ulashildi. Mehmonlarga saxovatpesha homiylar tomonidan tayyorlangan sovg‘a-salomlar tarqatildi.

Bundan tashqari Izboskan tuman “Madaniyat va istirohat bog‘i”da aholi uchun bepul tibbiy ko‘rik, bepul huquqiy maslahat, mehnat yarmarkasi hamda turli xil ko‘rgazmalar tashkil etildi.        

 

Mavzuga oid