Jamiyat | 10:42 / 23.08.2018
33137
2 daqiqa o‘qiladi

Ichki ishlar organi xodimi qanday holatlarda rezina tayoqlarni qo‘llash huquqiga ega?

Illyustrativ foto

Qonunchilikka muvofiq ichki ishlar organi xodimi quyidagi holatlarda rezina tayoqlarni qo‘llash huquqiga ega:

fuqaroga yoki ichki ishlar organi xodimiga qilingan hujumni qaytarish uchun;

jinoyatga yoki ma'muriy huquqbuzarlikka chek qo‘yishda;

ichki ishlar organi xodimiga qarshilik ko‘rsatilishiga chek qo‘yishda;

jinoyatni sodir etish chog‘ida yoki uni sodir etganidan keyin yashirinishga urinayotgan shaxsni ushlashda;

qurolli qarshilik ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan shaxsni ushlashda;

zo‘ravonlik bilan ushlab turilgan shaxslarni, egallab olingan binolarni, xonalarni, inshootlarni, transport vositalarini va yer uchastkalarini ozod qilishda;

fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘iga, jamoat xavfsizligiga tahdid soluvchi ommaviy tartibsizliklarga hamda boshqa g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarga chek qo‘yishda;

muhofaza qilinadigan obektlarni himoya qilishda, g‘ayriqonuniy xatti-harakatlarni sodir etayotgan fuqarolar guruhlarining harakatlanishini to‘sib qo‘yishda.

“Huquqiy axborot” kanalining yozishicha, bunda odamning boshiga, bo‘yniga, o‘mrov suyagiga, qorniga, jinsiy a'zolariga, yurak sohasiga rezina tayoq bilan zarbalar berish taqiqlanadi.

Homiladorlik belgilari sezilib turgan ayollarga, nogironlik belgilari ko‘rinib turgan shaxslarga, yoshi aniq ko‘rinib turgan yoki ma'lum bo‘lgan voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy kuch ishlatish taqiqlanadi (ularning qurolli qarshilik ko‘rsatganligi, fuqarolarning yoxud ichki ishlar organi xodimining hayoti va sog‘lig‘iga tahdid etib, hujum qilganligi hollari mustasno).

Eslatib o‘tamiz, avvalroq prokuratura IIBB xodimlarining poytaxtdagi kafelardan biridagi qo‘pol xatti-harakatlarini tekshirayotgani xabar qilingandi.

Mavzuga oid