O‘zbekiston | 12:40 / 23.08.2018
11317
3 daqiqa o‘qiladi

Muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslar bo‘yicha qonunchilikda o‘zgarish yuz berishi kutilyapti

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Ichki ishlar vazirligining “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan Vazirlar Mahkamasining “Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash to‘g‘risida” 2018 yil 26 apreldagi 309-son qaroriga quyidagi qo‘shimchalar kiritilishi rejalashtirilgan.

Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari to‘g‘risidagi nizom:

1. Quyidagi mazmundagi 42-1, 42-2, 42-3-bandlar bilan to‘ldiriladi:

“42-1. Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslar vaqtinchalik shaxsini tasdiqlovchi ma'lumotnoma bilan tuman (shahar) IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlariga murojaat etganda quyidagilar amalga oshiriladi:

muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxsni qachon va qayerda tug‘ilganligi, qayerda yashaganligi, tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma yoki boshqa shaxsini tasdiqlovchi hujjat bilan rasmiylashtirilganligi, ota-onasi, turmush o‘rtog‘i, farzandlari va boshqa yaqin qarindoshlari, ilgari doimiy ro‘yxatda turgan manzili haqidagi ma'lumotlarni aniqlash orqali, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansubligi o‘rganib chiqiladi;

O‘zbekiston Respublikasi yoki boshqa davlat fuqaroligiga mansubligi aniqlanmasa ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlari tomonidan o‘rnatilgan tartibda ma'lumotnoma bilan rasmiylashtirilib, hududiy hokimliklar bilan hamkorlikda doimiy ro‘yxatdan o‘tkazish va yashash guvohnomasi bilan hujjatlashtirish choralari ko‘riladi.

42-2. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti bilan hujjatlashtirilgan ammo doimiy ro‘yxatda bo‘lmagan (sud orqali doimiy ro‘yxatdan chiqarib yuborilgan yoki doimiy ro‘yxatga turishga asoslari mavjud bo‘lmagan) muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarga istisno tariqasida vaqtinchalik ro‘yxat asosida fuqarolik pasportlari rasmiylashtirilib beriladi.

42-3. Muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni fuqarolik pasporti bilan hujjatlashtirish uchun davlat boji va jarimalar ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xizmatlarining talabnomasiga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi”.

2. 70-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan to‘ldiriladi:

“Zarur bo‘lgan taqdirda, doimiy yashash joylariga jo‘natilayotgan shaxs yashash joyiga yetib olishi uchun, reabilitatsiya markazining talabnomasiga asosan, tegishlicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan mahalliy byudjyet mablag‘lari hisobidan yo‘l hujjatlari bilan ta'minlanadi”.

Mavzuga oid