Jahon | 23:34 / 23.08.2018
14027
2 daqiqa o‘qiladi

Time jurnali Trampni «cho‘ktirib» yubordi

Amerikaning Time jurnali AQSh prezidenti Donald Trampning cho‘kayotgani tasvirlangan karikatura bilan chiqadigan muqovasini reklama qildi.

Qayd etilishicha, jurnalning ushbu soni Oq uy Oval kabinetidagi noqulay ob-havoga bag‘ishlangan turkumning davomi bo‘ladi. Ushbu turkumdagi birinchi muqova 2017 yil fevralda nashr etilgan bo‘lib, unda prezident stoli ustidagi shamolli va yomg‘irli havo tasvirlangandi. 2018 yil 23 apreldagi muqovadan kuchaygan shamol o‘rin olgandi. Time’ning 3 sentabr kuni chiqadigan soni muqovasida suv ostiga g‘arq bo‘lgan xona tasvirlanadi. Xonada esa cho‘kib ketishdan qutulishga urinayotgan davlat rahbari bo‘ladi.

Barcha muqovalar Time xodimi Timom O'Brayyen tomonidan tayyorlangan. U mazkur turkum orqali Tramp oldida turgan muammolarni ko‘rsatishga harakat qiladi. Yangi karikaturada keyingi paytda prezident bilan sodir bo‘lgan ko‘plab «tashvishli» voqealarga sha'ma qilingan , deyiladi tahririyat maqolasida. Ulardan biri Trampning advokati Maykl Koenning ikki ayolga davlat rahbari bilan aloqalari haqida gapirmaslik uchun pul berilganini tan olganligidir.

Jurnalning iyun oyidagi soni muqovasi Donald Tramp va yig‘layotgan go‘dak surati bilan chiqqandi. O‘sha son Amerika rahbarining migrantlarga nisbatan siyosatiga bag‘ishlangandi.

Mavzuga oid