Sport | 16:08 / 23.08.2018
37640
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston OTJ yirik hisobdagi g‘alaba bilan Osiyo o‘yinlari chorak finaliga yo‘l oldi

O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi yana bir bor yirik hisobda g‘alaba qozonib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Bu safar Hongkong olimpiyachilari 3:0 hisobida taslim etildi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: Hasan Pirmuhammedov

27-daqiqada O‘zbekiston termasida burchak zarbasi tepish imkoni tug‘ildi. Raqib jarima maydoni markaziga uzatilgan to‘pni darvozabon mushti bilan urib yubordi. Chap qanotda to‘pga birinchi bo‘lib yetib kelgan Aliboyev dastlab ikki himoyachini biroz chalg‘itishga urinib, so‘ng jarima maydoni chizig‘i yaqinidan yo‘llagan chiroyli zarbasi bilan hisobni ochdi. Eslatib o‘tamiz, guruh bosqichidagi har uchala o‘yinda ham birinchi gol Zabihillo O‘rinboyev tomonidan kiritilgan edi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov
Foto: Hasan Pirmuhammedov

60-daqiqada Masharipovning zarbasidan so‘ng darvozabon qaytargan to‘pni Hamdamov jarima maydoni markazida bo‘sh turgan Sidiqovga aniq uzatdi. Javohirning to‘pni to‘xtatmasdan yo‘llagan zarbasi hongkonglik himoyachining oyoqlari orasidan o‘tib, darvoza to‘riga borib tushdi.

Oradan besh daqiqa o‘tar-o‘tmas Doston Hamdamov yana bir golga assistentlik qildi. Bu safar uning bosh bilan uzatgan to‘pini O‘rinboyev ham boshi bilan darvozaga to‘g‘rilab qo‘ydi – 3:0. Bu Zabihilloning musobaqadagi to‘rtinchi goli bo‘ldi.

Foto: Hasan Pirmuhammedov

Shu tariqa, Ravshan Haydarov boshchiligidagi O‘zbekiston olimpiyachilari chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi. Navbatdagi raqib nomi bugun Toshkent vaqti bilan soat 17:30 da boshlanadigan Eron – Janubiy Koreya bahsidan so‘ng ma'lum bo‘ladi.

Osiyo o‘yinlari, nimchorak final
O‘ZBeKISTON OTJ – HONGKONG OTJ – 3:0 (1:0)
Gollar
: Aliboyev (27), Sidiqov (60), O‘rinboyev (65)
O‘zbekiston: 1.Botirali Ergashev, 2.Rustam Ashurmatov, 20.Doston Tursunov, 4.Akrom Komilov, 5.Abbos Otaxonov, 7.Odilbek Hamrobekov, 14.Ikromjon Aliboyev, 6.Jaloliddin Masharipov (11.Bobur Abdixoliqov, 71), 17.Dostonbek Hamdamov, 10.Javohir Sidiqov (16.Doniyor Nazrullayev, 71), 9.Zabihillo O‘rinboyev (S, 19.Andrey Sidorov, 79).
Hongkong: 1.Ho Chun Yun, 3.Uang Kit Tsui, 4.Hok Ming Lau (S), 5.Vasudeva Das Lilley Nunez, 6.Chun Lok Tan, 8.Remi Dujardin (17.Hyu Chung Lau, 46), 9. Vay Keyung Chung, 10. Ka Vay Lam (13.Ho Ming Yu, 72), 12.Chun Ming Vu, 15.Puy Hong Yu, 18.Jorj Tarres Paramo (14.Long Hin Tse, 73). 
Ogohlantirish: Jorj Tarres Paramo (45+1)
Chetlatish: Puy Hong Yu (43)
Bosh hakam: Sulton Abdulrazzoq Al-Marzuqi (BAA)

 

Mavzuga oid