O‘zbekiston | 12:47 / 24.08.2018
14244
8 daqiqa o‘qiladi

Oliy sud Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi

2018 yil 24 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining majlisi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Kun.uz’ga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi matbuot kotibi Aziz Obidov xabar berdi.

Videokonferents-aloqa tarzida o‘tkazilgan majlisda Oliy sud sudyalari, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha hamda ma'muriy va iqtisodiy sudlar, harbiy sudlar raislari va sudyalari, Oliy sud huzuridagi Ilmiy-maslahat kengashi a'zolari, Oliy Majlis Senati a'zolari va Qonunchilik palatasi deputatlari, Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi vakillari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar mas'ul xodimlari, huquqshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Plenum majlisida yangi tahrirdagi “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”, “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida” va “Fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida”gi Oliy sud Plenumi qarorlari loyihalari muhokama qilindi.

Xususan, Plenum majlisida muhokama etilgan “Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonun normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qaror loyihasi amaldagi qonun hujjatlariga tegishli o‘zgartirishlar kiritilgani hamda tergov-sud amaliyotida ayrim muammolar kelib chiqayotgani munosabati bilan ishlab chiqildi. Mazkur qaror loyihasi bilan sudlarning e'tibori shaxsning jinoyat sodir etishda aybdorligi qonunda belgilangan tartibda isbotlangunga qadar aybsiz hisoblanishi haqidagi Konstitutsiyamizda mustahkamlangan aybsizlik prezumptsiyasiga qat'iy rioya etish zarurligiga qaratilmoqda. Shu munosabat bilan har bir ish bo‘yicha ish yurituvda jinoyat-protsessual qonuni normalariga qat'iy amal qilish shartligi to‘g‘risidagi Jinoyat-protsessual kodeksining 11-moddasida (qonuniylik) belgilangan talablarga surishtiruv, dastlabki tergov organlari va sud tomonidan qat'iy rioya etish muhim ahamiyat kasb etadi. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud tomonidan qonun normalarini aniq bajarish va unga rioya etishdan har qanday chekinish, u qanday sababga ko‘ra, yuz berganligidan qat'iy nazar, shu yo‘l bilan olingan dalillarning nomaqbul (yaroqsiz) deb topilishiga olib keladi. O‘z navbatida, nomaqbul dalillar yuridik kuchga ega bo‘lmay, ulardan Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan holatlarni isbotlash uchun foydalanish hamda ularni ayblov asosiga qo‘yish mumkin emas. Shu munosabat bilan Plenum qarori loyihasida isbot qilish jarayonida dalillarning maqbulligi to‘g‘risidagi masalani to‘g‘ri hal etish muhim o‘rin tutishi qayd etildi. Dalillar maqbulligining shartlari esa, quyidagilardan iborat: dalil tegishli sub'yekt tomonidan, ya'ni dalilni olish bilan bog‘liq bo‘lgan protsessual harakatni o‘tkazishga vakolatli mansabdor shaxs tomonidan olingan bo‘lishi; faktga oid ma'lumotlar faqat Jinoyat-protsessual kodeksining 81-moddasining (dalillarning turlari) 2-qismida qayd etilgan manbalardan olingan bo‘lishi; dalil uni olish bilan bog‘liq protsessual harakatni o‘tkazishga oid qoidalar va tartibga rioya etilgan holda olingan bo‘lishi; dalilni olishda tergov va sud harakati jarayoni va natijalarining qayd etilishga doir qonunning barcha talablariga amal qilingan bo‘lishi. Plenum qarori loyihasida dalillar maqbulligiga taalluqli yuqorida sanab o‘tilgan shartlardan birortasiga amal qilmaslik dalilning nomaqbul deb topilishiga asos bo‘lishi belgilab qo‘yildi.

Foto: Oliy sud matbuot xizmati

Shuningdek, yig‘ilishda Jinoyat-protsessual kodeksiga o‘zgartirishlar kiritilgani, sud amaliyotida ayrim masalalar kelib chiqayotgani hamda qonun normalarini amalda bir xil qo‘llash va yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ishlab chiqilgan “Sudlar tomonidan jinoyat ishlarini apellyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rish amaliyoti to‘g‘risida” gi Plenum qarori loyihasi ham ishtirokchilar tomonidan muhokama qilindi. Ushbu qaror loyihasida apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularning ishi yuqori instansiya sudida qayta ko‘rilishiga bo‘lgan huquqlari ta'minlanishiga qaratilgan muhim huquqiy vositasi hisoblanishi qayd etilmoqda. Jinoyat-protsessual kodeksining tegishli moddalariga muvofiq apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish mahkum (oqlangan shaxs), uning himoyachisi va qonuniy vakili, jabrlanuvchi va uning vakili, fuqaroviy da'vogar, fuqaroviy javobgar hamda ular vakillarining shikoyati, shuningdek, prokuror va uning o‘rinbosari protesti bo‘yicha qo‘zg‘atiladi. Apellyatsiya, kassatsiya tartibida ish yuritish Jinoyat-protsessual kodeksiga muvofiq hukmning  o‘z huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga  daxldor qismi ustidan shikoyat berish huquqiga ega boshqa shaxslar tomonidan ham qo‘zg‘atilishi mumkin. Ular jumlasiga qonunda belgilangan tartibda protsessning u yoki bu ishtirokchisi sifatida e'tirof etilmagan, biroq o‘zining haqiqiy holatiga ko‘ra sud himoyasiga muhtoj bo‘lgan shaxslar (garov beruvchi, mulki xatlangan shaxs va boshqalar) kiradi. Shu munosabat bilan birinchi instansiya sudi shikoyat (protest) ni qabul qilish paytida apellyatsiya, kassatsiya  shikoyati (protesti) bergan shaxsning bunday huquqqa egaligini tekshirishi shart. Qonunga ko‘ra apellyatsiya, kassatsiya  shikoyati (protesti) hukm  chiqargan sud orqali beriladi.

Ma'lumki, fuqarolik ishlarini tegishlicha va to‘liq ravishda sud muhokamasiga tayyorlashni amalga oshirish haqidagi qonun talablariga rioya qilish, ishni belgilangan muddatda ko‘rish va qonuniy hal etishning asosiy shartlaridan biri hisoblanadi. Plenum majlisida muhokama etilgan “Fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlash to‘g‘risida”gi qaror loyihasi fuqarolik ishlarini sud muhokamasiga tayyorlashni tartibga soluvchi qonun normalarini to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta'minlash maqsadida ishlab chiqildi. Fuqarolik protsessual kodeksining birinchi instansiya sudida ish yuritishni tartibga soluvchi qoidalariga muvofiq, sudlar ushbu kodeksda nazarda tutilgan sud muhokamasiga tayyorlashning barcha zarur harakatlarini amalga oshirilganidan so‘nggina ishni ko‘rishga kirishishga haqli. Qaror loyihasida sudlarning e'tibori ishlarni sud muhokamasiga tayyorlash barcha da'vo va alohida tartibdagi ishlar bo‘yicha ularni to‘g‘ri va o‘z vaqtida ko‘rilishi hamda hal etilishini ta'minlash maqsadiga ega bo‘lgan fuqarolik protsessining mustaqil bosqichi hisoblanishi hamda majburiyligiga qaratilgan.

Yig‘ilishda ta'kidlanganidek, muhokama etilgan Plenum qarorlari jinoyat va fuqarolik ishlarini qonuniy hamda adolatli hal etishda fuqarolarning buzilgan huquqlari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilishga, qonun hujjatlarining sud amaliyotida aniq va bir xilda tatbiq etilishiga, yagona sud amaliyotini shakllantirishga, shuningdek yangi qabul qilingan qonun hujjatlarini amaliyotda yanada samarali qo‘llanilishiga xizmat qiladi.

Plenum majlisida mazkur qarorlarning mazmun-mohiyati hamda ahamiyatini aholiga, surishtiruv va dastlabki tergov organlari xodimlariga, jinoyat va fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar sudyalariga tushuntirish bo‘yicha  viloyatlarda va mahallalarda tadbirlar amalga oshirish lozimligi qayd etildi.

Ko‘rib chiqilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Mavzuga oid