Sport | 10:54 / 24.08.2018
12310
5 daqiqa o‘qiladi

Olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga qabul qilish qoidalari belgilandi

Vazirlar Mahkamasining 14.08.2018 yildagi 660-son qarori bilan ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlariga o‘quvchilarni qabul qilish va ota-onalar to‘lovini to‘lash tartibi tasdiqlandi, deb yozmoqda Norma.
 
Maktab-internatga qabul qilish
 
Bolalar-o‘smirlar sport maktablari va ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktablarida, sport ta'lim muassasalari yoki sport klublarida dastlabki tayyorgarlikdan o‘tgan, sport bilan shug‘ullanishga iqtidori bo‘lgan hamda maktab-internatda o‘qish istagini bildirgan o‘quvchilarni qabul qilish 6-sinfdan amalga oshiriladi. O‘quvchilar tanlov shartlari bo‘yicha o‘zlashtirish tabeli asosida qabul qilinadi. Qabul komissiyasi hujjatlarni qabul qiladi va tanlov o‘tkazadi.

Hujjatlar 20 iyun – 20 iyul mobaynida qabul qilinadi. O‘qishga kiruvchilar quyidagi hujjatlarni shaxsan taqdim etadilar:

• o‘quvchining ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan maktab-internat direktori nomiga ariza;
• tug‘ilganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi (asli komissiyaga shaxsan ko‘rsatiladi), guvohnoma takroran berilgan hollarda – tuman (shahar) fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish (FHDYo) organining mazkur dalilni tasdiqlovchi ma'lumotnomasi;
• tibbiy ma'lumotnomalar (F-026-u shakldagi maktab tibbiy anketasi, F-063-u shakldagi profilaktik emlash kartasi, F-086-u shakldagi tibbiy ma'lumotnoma, qon, peshob, gijja tuxumi tahlili, EKG, 14 yoshdan boshlab flyuorografiya, turar joyidan bolalar vrachidan kechirgan kasalliklari to‘g‘risidagi ma'lumotnoma, psixonevrologik dispanserdan ma'lumotnoma, yakka kurash turlari uchun – umurtqa pog‘onasining ko‘krak va bel qismlarining ikki proyeksiyadagi rentgen rasmi hamda travmatolog xulosasi);
• turar joyidan ma'lumotnoma;
• 3,5 x 4,5 sm hajmdagi 8 ta rangli fotosurat.
 
Ko‘rsatib o‘tilgan hujjatlar mavjud bo‘lganda qabul komissiyasi o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilishni rad etishga haqli emas. Sport turlari bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogi g‘olib va sovrindorlari, O‘zbekistonning sport terma jamoalari a'zoligiga hamda ularning zaxirasiga kirganlar maktab-internat o‘quvchilari safiga imtihonlarsiz imtiyozli ravishda qabul qilinadilar.

Kasbiy (ijodiy) imtihonlar 21 iyul – 28 iyul mobaynida o‘tkaziladi. Sport turlari bo‘yicha kasbiy (ijodiy) imtihonlar me'yorlari Jismoniy tarbiya va sport vazirligi tomonidan tasdiqlanadi. Kasbiy (ijodiy) imtihonlar natijalari 1 avgust kuni e'lon qilinadi.

Qabul komissiyasi qarori asosida o‘quvchilarni qabul qilish to‘g‘risida maktab-internat direktori tomonidan buyruq chiqariladi va o‘quvchilarning shaxsiy hujjatlari rasmiylashtiriladi.
 
Kasbiy (ijodiy) imtihon natijalaridan norozi bo‘lgan shaxslar tanlov natijalari e'lon qilingan kundan keyin 3 kun muddatda maktab-internatning qabul komissiyasiga ariza bilan murojaat qilishlari mumkin. Arizalarni ko‘rib chiqish uchun 3 kishidan iborat apellyatsiya komissiyasi tuziladi. U 3 kun muddatda arizani ko‘rib chiqib, arizani va imtihon materiallarini ko‘rib chiqish yakunlariga ko‘ra qabul komissiyasiga yozma hisobot topshiradi. 
 
Ota-onalar to‘lovi

Ota-onalar har oyda ular va maktab-internat ma'muriyati o‘rtasida tuzilgan shartnoma asosida oziq-ovqat xarajatlarini qisman qoplaydilar. Ota-onalar to‘lovi bankka to‘lanadi, maktab-internatga to‘lov to‘langanligini tasdiqlovchi to‘lov hujjatining nusxasi (kvitansiyasi) taqdim etiladi.

To‘lov joriy oyning 10-kunidan kechikmay to‘lanadi. To‘lov bir hafta mobaynida to‘lanmagan taqdirda o‘quvchiga tekin (imtiyozli) oziq-ovqat berish to‘lov to‘lanadigan vaqtgacha to‘xtatiladi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan berilgan kam ta'minlangan oila to‘g‘risidagi ma'lumotnoma asosida ota-onalar to‘lovdan ozod qilinishi mumkin. Hujjat maktab-internatga taqdim etiladi. 

Ota-onalar to‘lovi miqdori 1 EKIHni tashkil etadi. Ayrim hollarda (quyidagi jadvalga qarang) kelmagan kunlar sonidan kelib chiqib, summa qayta hisoblanadi. Maktab-internatga ota-onalar to‘lovining bir kunlik miqdorini hisoblash ota-onalarning bir oylik to‘lovi miqdorini qonun hujjatlariga muvofiq maktab-internatning oylik ish jadvali bo‘yicha ish kunlari soniga taqsimlash yo‘li bilan amalga oshiriladi.

Hujjat 16.08.2018 yildan kuchga kirdi.

Mavzuga oid