Jahon | 19:30 / 24.08.2018
4840
2 daqiqa o‘qiladi

Turkmaniston Qozog‘iston bilan energetika va transport sohasida hamkorlik qiladi

Foto: Kapital.kz

Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuxamedov «Avaza» sayyohlik hududida o‘tkazilgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta'sischi davlatlari rahbarlari sammiti doirasida Qozog‘iston rahbari Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi. Bu haqida Turkmaniston tashqi ishlar vazirligi xabar qilgan.

Davlat rahbarlari siyosiy, iqtisodiy, ekologik, energetika, transport va boshqa muhim sohalarda hamkorlik qilish uchun yangicha yondashuvlarni ishlab chiqish va tayyorlash zarurligini ta'kidlashdi.

«Turkmen dovlet xabarlari» davlat agentligi bergan ma'lumotga ko‘ra, ikki mamlakat energetika va transport kabi strategik sohalar bo‘yicha yirik qo‘shma loyihalarni bajarishga e'tibor qaratishni maqsad qilgan. Tomonlar Turkmanboshi shahrida Kaspiy dengizi bo‘ylab zamonaviy suv transport tizimini rivojlantiradigan xalqaro dengiz bandargohining ahamiyati va natijada, mintaqada multimodal infrastruktura shakllanganligini alohida ta'kidlashgan.

Ashxobod va Ostona savdo-iqtisodiy sherikchilik, shartnomaviy-huquqiy bazani rivojlantirish, gaz, qishloq xo‘jaligi, transport, atrof-muhit va baliqchilik sohalarida manfaatli hamkorlik masalalarini ko‘rib chiqishadi.

Qozog‘iston Markaziy Osiyo gazini Xitoyga yetkazib berish bo‘yicha ulkan loyihada qatnashadi. Xitoy milliy neftgaz uyushmasi (SNPC) 2009 yildan beri O‘zbekiston va Qozog‘iston hududlari orqali o‘tuvchi turkman yoqilg‘isini sotib oladi.

Bundan tashqari, 2014 yil dekabrda Qozog‘iston-Turkmaniston-Eron transmilliy temiryo‘l magistrali qurilishi yakunlandi. Ushbu yo‘l orqali har yili 10-12 mln. tonna yuk olib o‘tilishi mumkin.

2016 yil Qozog‘iston Markaziy Osiyo – Yaqin Sharq (O‘zbekiston-Turkmaniston- Eron-Ummon) transport yo‘lagi loyihasiga qo‘shilgandi. Bu Markaziy Osiyo davlatlari uchun Fors qo‘ltig‘iga chiqishda eng qulay marshrut vazifasini bajaradi.  

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid