O‘zbekiston | 01:30 / 25.08.2018
6209
3 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda Silk Road Bazaar-2018 milliy hunardmandchilik va savdo festivali ish boshladi - fotolar

Ilk bora tashkillashtirilayotgan mazkur festival doirasida shaharning Islom Karimov ko‘chasida barpo etilgan 120 dan ziyod savdo rastalarida uch kun davomida milliy hunarmandlarimiz — qandolatchilar, nonvoylar, kulollar, minatyurachilar, keramik mahsulot ishlab chiqaruvchilar, zardo‘zlar, kashtado‘zlar, gilamdo‘zlar, shuningdek, shohi, atlas va adras kabi matolarni ishlab chiqaruvchilar, o‘yinchoq yasovchilar, pichoqchilar va boshqa hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashishmoqda.

Festivalni Samarqand viloyat hokimining turizmni rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botir Nurullayev ochib berdi.

Samarqand viloyat hunarmadlari uyushmasi boshlig‘i Umid Hakimovning Kun.uz’ga ma'lum qilishicha, festivalda Samarqand shaharidan 100 ga yaqin hunarmandlar o‘z mahsulotlari bilan qatnashishmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekistonning boshqa viloyatlaridan ham hunarmandlar festivalda ishtirok etishmoqda.

Bundan tashqari, ko‘cha bo‘ylab havo shari parvozi tashkil qilingan. O‘tloqlarda yosh rassomlarning ko‘rgazmalari tashkillashtirilgan. Ko‘cha mahalliy xalq bilan birgaliklar shahar mehmonlari va xorijdan tashrif buyurgan turistlar bilan juda gavjum bo‘ldi.

Islom Karimov ko‘chasi bo‘ylab o‘rnatilgan sahnalarda samarqandlik taniqli san'atkorlar va folklor-etnografik guruhlari tomonidan ijro etilgan milliy kuy-qo‘shiqlar, raqslar shahar mehmonlariga taqdim etildi.

Masalan, «Tashabbus» ko‘rik tanlovi g‘olibi, akademik kulol Azim Sharipov yoshlarga o‘z hunaridan master-klass namoyish etib berdi. Boshqa rastalarda ham istovchilar hunarmandlar tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni narxini kelishib-tortishib xarid qilishmoqda.

«Oshga marhamat» teleshousida osh damlash bo‘yicha O‘zbekiston chempioni bo‘lgan Abdumannon oshpaz tomonidan doshqozonda milliy taomimiz — osh damlanib, shahar mehmonlariga tekin tarqatildi.

Festival doirasidagi ko‘rgazmalar ertalabdan kechgacha xohlovchilar uchun ochiq bo‘ladi. Milliy a'nanalarni namoyish etib beruvchi tadbirlar 25 va 26 avgust kunlari ham soat 16:00 dan 23:00 gacha bo‘lib o‘tishi belgilangan.

Mazkur festival yurtimizda turizmni jadal rivojlantirish yuzasidan qabul qilingan Prezident farmon va qarorlari ijrosini ta'minlash yuzasidan ilk bor Samarqand shahrida tashkil etildi va kelgusida unga an'anaviy tus berish nazarda tutilmoqda.

Shuhrat Shokirjonov,

Kun.uz muxbiri

Шуҳрат Шокиржонов
Tayyorlagan Шуҳрат Шокиржонов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid