O‘zbekiston | 11:27 / 27.08.2018
24144
5 daqiqa o‘qiladi

To‘ylarni tartibga solish bo‘yicha komissiyaning asosiy vazifalari nimalardan iborat?

Foto: UzNews

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 7 oktabrdagi «Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 274-son qaroriga qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qarori loyihasi joylashtirildi.

Hujjat bilan fuqarolar yig‘inining to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish masalalari bo‘yicha komissiyasi to‘g‘risidagi Namunaviy nizom tasdiqlanishi mumkin.

Nizomga ko‘ra, komissiyaning maqsadi tegishli hududda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma'raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishdan iborat.

Quyidagilar komissiyaning asosiy vazifalari hisoblanadi:

tegishli hududning mahalliy urf-odatlari va an'analaridan kelib chiqib, oilaviy tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solishga qaratilgan qoidalarni belgilash bo‘yicha fuqarolar yig‘ini kengashiga takliflar kiritish;

oilaviy tadbirlar o‘tkazilishiga mas'ul davlat va jamoat tashkilotlariga ko‘maklashish;

oilaviy tadbirlarni o‘tkazish bilan bog‘liq milliy va diniy qadriyatlarga, axloq qoidalariga zid bo‘lgan marosimlar, nomaqbul odatlar va ularning salbiy oqibatlari to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini olib borish;

to‘y egalari tomonidan milliy urf-odat va an'analarni mensimaslik, shuhratparastlik, isrofgarchilik holatlariga yo‘l qo‘yilayotgan xatti-harakatlarni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yish;

oilaviy tadbirlarni o‘tkazishda xalqimiz ma'naviyati va turmush tarziga, yoshlarimiz tarbiyasiga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan, ortiqcha sarf-xarajatlarga sabab bo‘layotgan, to‘ydan oldin va keyin o‘tkaziladigan turli xil tadbirlarning oldini olish choralarini ko‘rish;

oilaviy tadbirlarning ortiqcha sarf-xarajatga sabab bo‘luvchi yangi turlarining o‘ylab topilishini oldini olish;

jamiyatda ijtimoiy adolatni ta'minlash, oilalar o‘rtasida keskin tabaqalanishning oldini olish, sog‘lom oilaviy munosabatlarni shakllantirish, aholi orasida shukronalik tuyg‘ularini kuchaytirish;

oilaviy tadbirlar o‘tkazilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish.

Komissiya fuqarolar yig‘ini tomonidan fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) va uning maslahatchilari saylovidan so‘ng bir oy ichida
8 – 12 nafar a'zodan iborat tarkibda tuziladi.

Komissiya a'zolari soni fuqarolar yig‘ini hududidagi aholi soni hamda ish hajmiga qarab belgilanadi.

Komissiya tarkibiga fuqarolar yig‘ini raisining (oqsoqolining) o‘rinbosarlari (fuqarolar yig‘ini raisining keksalar va faxriylar ishlari hamda yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchilari), tuman (shahar) xotin-qizlar qo‘mitalarining xotin-qizlar bilan ishlash va oilalarda ma'naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha mutaxassisi, “Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi tuman (shahar) bo‘limi, Yoshlar ittifoqi tuman (shahar) bo‘limi, fuqarolar yig‘ini hududidagi ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari, imom-xatib, ta'lim muassasalari rahbarlari yoki ularning ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari, qishloq vrachlik punkti (oilaviy poliklinika) vakili, hayotiy tajribaga ega bo‘lgan, namunali oila boshliqlari, aholi o‘rtasida obro‘-e'tiborga ega bo‘lgan hamda o‘zining tarbiyaviy ta'sirini o‘tkaza oladigan mahalla faollari, shu jumladan tashabbuskor yoshlar kiritilishi mumkin.

Komissiya a'zolari va raisi fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan ikki yarim yil muddatga saylanadi.

Komissiyaga rahbarlik, qoida tariqasida, fuqarolar yig‘ini raisi (oqsoqoli) tomonidan amalga oshiriladi.

Komissiya tarkibiga nomzod sifatida ko‘rsatilgan shaxs, agar fuqarolar yig‘inida (fuqarolar vakillarining yig‘ilishida) hozir bo‘lganlarning yarmidan ko‘pi uni yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, saylangan hisoblanadi.

Komissiya a'zosi muddatidan avval komissiya tarkibidan chiqsa, komissiyaning yangi a'zosi bir oy muddat ichida fuqarolar yig‘ini (fuqarolar vakillarining yig‘ilishi) tomonidan saylanadi.

Mavzuga oid