Jamiyat | 15:18 / 28.08.2018
7287
2 daqiqa o‘qiladi

MFY uchun portal yaratish taklif qilinmoqda

Foto: UzA

“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portalida mahalla fuqarolar yig‘inlari uchun yagona internet platforma - portal yaratish haqida petitsiya paydo bo‘ldi.

Qayd etilishicha, hozirda mahalla fuqarolar yig‘inlari orqali ko‘rsatiladigan xizmatlar - ma'lumotnomalar berish, tavsiyanomalar berish, mahalla uchun dolzarb muammolarni fuqarolar orasida muhokama qilish va boshqa xizmatlar ko‘rsatishda ma'lum qiyinchiliklar mavjud. Chunki hammaning ham majlislarda qatnashishga vaqtlari yo‘q. Shuningdek, ma'lumotnomalar va tavsiyanomalar olishda ortiqcha vaqt ketishi va tamagirlik holatlari uchrab turadi. Shu sababli respublikadagi barcha mahalla yig‘inlari uchun yagona interaktiv internet platforma yaratish va bunda har bir mahalla bu platforma-portalda o‘z sahifasini yaratish imkoniyati bo‘lishi lozim. Bu platforma-saytda mahallalar ma'lumotnomalarni elektron tarzda ko‘rsatishi, e'lonlar berishi, saylovlar va interaktiv muhokamalar o‘tkazishi (mobil versiyasi orqali), mahalla fuqarolari esa portal orqali o‘z muammolarini ko‘rsatishlari mumkin bo‘lar edi.

“Bu platforma-portalning yana bir afzalligi – mahallalar u orqali o‘z ehtiyojlari uchun xayriya mablag‘ to‘plashi hamda sarflangan mablag‘ to‘g‘risida hisobotlarni ko‘rsatish imkoniyatlariga ega bo‘lar edi”, - deyiladi murojaatda.

“Mahallalar uchun yagona internet portalning yaratilishi natijasida ma'lumotlar va tavsiyanomalarni tashkilotlar o‘zlari internet orqali onlayn olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Mazkur portal orqali fuqarolarning mahalla hayotida faolroq ishtirok etishiga hamda MFY faoliyatining shaffofligi hamda jamoatchilik nazoratining oshishiga imkoniyat yaratiladi”, - deb yozadi petitsiya muallifi. 

Mavzuga oid