O‘zbekiston | 08:01 / 28.08.2018
100512
5 daqiqa o‘qiladi

Nonning endi o‘zbek uchun qadri yo‘qmi?

Illyustrativ surat

Tarix sahifalarini varaqlasak, turli davrlarda dunyo xalqlarining o‘ta og‘ir damlarga tushib qolgani, urush, ocharchilik va kasallik girdobi butun bir jamiyatlarni xonavayron etganining guvohi bo‘lamiz. Ana shu xalqlar qatorida o‘zbeklar nomi ham keladi. Shu sababmi bu xalq har bir ne'matning shukrini qilishga, uning qadriga yetishga intiladi. Ayniqsa, nonni. Gapimizni mubolag‘aga yo‘ymangu, ammo o‘zbeklardek biror bir xalq nonni muqaddas bilmaydi. Qaysi ma'nodaki, o‘tmishning og‘ir sinovlaridan o‘tgan, taqdir charxpalagining suvlarida oqqan bu millat ana shu nonning ortida qancha mehnat, qancha dard, qancha orzu-havas yotganini boshqalardan ko‘ra chuqurroq anglaydi, his etadi.

Bugun O‘zbekistonda tinchlik, to‘qchilik, Yaratganga shukr. Ammo so‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan, do‘kondan qolipli non (buxanka) sotib olib, uni mollariga yedirayotganlar mavzusi kishini o‘ylantiradi. Bu to‘qlikka sho‘xlikmi, balki shunday qilingani yaxshidir. Bu borada statistik ko‘rsatkichlarga nazar solamiz.

O‘zbekiston bo‘ylab qolipli nonga nisbatan belgilangan narx ko‘p yillardan beri o‘zgarishsiz - 650 so‘m bo‘lib qolmoqda. Ammo, bu narx ishlab chiqaruvchi, eng asosiysi hukumat sarflayotgan xarajatlarni qoplayaptimi? Umuman olib qaraganda, bu narx bilan xaridorning ehtiyojlari qondiriladimi?

Markaziy Osiyo davlatlarida non hamda un mahsulotlariga belgilangan narxning solishtirma ma'lumotiga ko‘ra, mintaqadagi eng arzon nonni faqat O‘zbekistonda sotib olish mumkin.
Xususan, O‘zbekistonda qolipli 1 dona non 650 so‘m (yoki 0,08 dollar)ga teng bo‘lsa, bu narx Qozog‘istonda 2590 so‘m (0,33 dollar), Qirg‘izistonda esa 2347 so‘m (0,30 dollar)ga baholanadi. Qolipli nonning narxi Tojikistonda ham O‘zbekistondan 968 so‘m (12 sent)ga farq qiladi. 

Xuddi shunday 1 kg oliy navli un narxi ham nomutanosib farqlanadi. Shunday qilib, 1 kg oliy navli un uchun eng arzon narx 1319 so‘m bo‘lib, bu narx ham O‘zbekistonda. Eng qimmat baho Tojikistonda qayd etilgan - 4694 so‘m. Qozog‘iston va Qirg‘izistonda mos ravishda 1 kg oliy navli un uchun 3804 so‘m va 3966 so‘m to‘lanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chakana turdagi qolipli non narxi davlat tomonidan tartibga solinadigan ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarga belgilangan narxnomada ko‘rsatilgan. Uzoq yillardan buyon qolipli non narxini oshirilmaganligi turli chigalliklarni ham keltirib chiqarmoqda.

Masalan, 1 kg oliy navli unni bozor rastalarida 1319 so‘mga topish qiyin. Qolaversa, uning sifati boshqa muhokamaga sabab bo‘ladi. Shunday ekan, qolipli non ishlab chiqaruvchi tadbirkorlarga yetkazib berilayotgan arzon narxdagi un mahsulotlarining barchasi qolipli nonga aylanib, dasturxonlarga yetib boryaptimi yo bozor rastasidan “yo‘qolib qolgan” 1319 so‘mlik oliy navli unlar o‘rnini bosish uchun savdoga chiqarilyaptimi, bu masalaga dadil va aniq javob berish qiyin. 

Achinarlisi, tovar-xomashyo birjasi, bozor rastalarida chorva uchun 1 kg kombikorm narxi shu yilning bahor oylarida 2500 so‘mdan boshlangan bir paytda, fermer uchun 650 so‘mga tayyorlangan, achitqi bilan boyitilgan qolipli nonni sotib olib, yemga aralashtirib berish foydali bo‘ldi. 

Boqimandalik kayfiyatidan voz kechib, atrofga nazar tashlasak, bozor iqtisodiyotiga o‘tishning muhim sharti ham shu – “O‘z aravangni o‘zing tort”. Qolipli non ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlar qatorida qolsa-da, uning narxi uzoq payt o‘zgarmay turishi uchun katta moliyaviy manbalar yo‘naltirilishi kerak edi. Balki ana shu narxni qayta ko‘rib chiqish zaruriyati va payti ham yetgandir.  

PS: Muallifning shaxsiy qarashi qanday bo‘lishidan qat'i nazar, bozor iqtisodiyoti qonunlari bilan yashashga jazm qilgan jamiyatda, albatta, shunday o‘zgarish yuz berishi lozim va bu tabiiy holat.

Alisher Ro‘zioxunov

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid