Light | 22:06 / 30.08.2018
21252
6 daqiqa o‘qiladi

Bolalarda tadbirkorlik qobiliyati qanday rivojlantiriladi: biznesmen o‘zbek oilasidan 4 maslahat

«Vilgud» asoschilaridan biri Barno Tursunova bolalarda tadbirkorlik qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha o‘z tajribasini o‘rtoqlashadi. U o‘z ustunchasida oilasi misolida to‘rt vaziyatni tasvirlab, ularning uch nafar farzandida biznes-ko‘nikmasini shakllantirishga hissa qo‘shganini tushuntiradi.

«Men va turmush o‘rtog‘im Sherzod Tursunov – seriyali tadbirkorlarmiz. Biz milliard savdo aylanmasiga ega ikkita kompaniya - «Yevrodizayn» va «Vilgud»ga asos soldik. Biznesda innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlaymiz, hayotda esa an'analarga amal qilamiz. Biz uchun oila - birinchi o‘rinda.

Farzandlarimiz – Shirin, Azamat va Azizga bolaligidanoq tadbirkorlik ko‘nikmalarini singdirishga harakat qilamiz. Ular oilaviy kompaniyani rivojlantirishlari uchun emas (ular kelajakda nima bilan shug‘ullanishni o‘zlari hal etishlari mumkin), balki tafakkurning muayyan turini o‘rgatish – nostandart yechimlar topish, narsalarga noodatiy burchakdan nazar solish, muzokaralar olib borish uchun. Bolalarda tadbirkorlik xislatlarini qanday rivojlantirayotganimiz aks etgan vaziyatlar quyidagicha:

1-vaziyat

Bu yil yoz faslida kichik o‘g‘limizni bozorda ishlash uchun Toshkentga yubordik. U sotishni o‘rganib, narxni aytishdan qo‘rqmaslikka o‘rganishini istadik. Dastlab ishga chiqish uchun o‘rnatilgan maosh oldi.

Biroq bu uni rag‘batlantira olmagani uchun unga har bir kelishuv uchun haq to‘lashga kelishdim.

Dastlab bunga ko‘nikishi qiyin bo‘ldi. Uchinchi kuni mavjud sharoitlarda yashashga majbur ekanini tushunib, mahsulotni faol tarzda taklif etishni boshladi. Natijada o‘rnatilgan maosh olib ishlayotgan tengdoshlariga qaraganda ikki marta ko‘proq pul ishlay boshladi.

Biz nima uchun buni amalga oshirdik: farzandlarimiz uchun sun'iy tarzda murakkab vaziyatlarni yaratishga harakat qilamiz. Maqsad – har bir narsaning qadrini tushuntirish. Ana o‘shanda mehnat va pulni qadrlashni o‘rganadilar.

2-vaziyat

Oilamizda «ikkita vazifa» tamoyili bor. Bu bolalarda asosiydan tashqari qo‘shimcha vazifa borligini anglatadi. Masalan, o‘rta maktabni tugatish va xorijiy tilni o‘rganish. Ular bu vazifani yechish yo‘llarini o‘zlari o‘ylab topishlari lozim. Masalan, katta qizimiz va o‘rtancha o‘g‘limiz yarim yilni masofadan o‘qishga o‘tkazish va tilni o‘rganish uchun AQShga yuborishni taklif qilishdi. Qaytgach, ular yilni a'lo baholar bilan yakunlashdi. Erkin ingliz tili esa bonusga aylandi.

Nima uchun bunday qildik: farzandlarimiz muayyan vaziyatda ko‘prog‘iga erishishga intilishlari va o‘rtacha ko‘rsatkichga qarab yo‘nalish olmaslik. Vazifaning yechimini topish uchun nostandart o‘ylashni o‘rganadilar.

3-vazifa

Kirimlari doirasida farzandlarimiz erkin. Masalan, kichik o‘g‘limiz imkoniyatni ko‘rib, kriptovalyutalar mashhurlikka erishguniga qadar ularga sarmoya kiritdi. Bozor «quladi», uning portfeli esa hali ham plyusda.

Biz nima uchun bunday qildik: agar bola har sohada kattalar fikriga qarab ish tutsa, tahlil qilish, o‘z tanlovining oqibatlarini hisobga olish, u uchun javobgar bo‘lishni o‘rgana olmasligi mumkin. Farzandlarimiz nima bilan shug‘ullanishni o‘zlari hal qiladi. Ular bo‘lajak kasbi va ish joyini o‘zlari tanlaydilar. Agar bola pul ishlab topgan bo‘lsa, bu uning mulki va nima sotib olish hamda nimaga sarmoya kiritishni o‘zi hal qiladi.

4-vaziyat

Bolalarni o‘zimiz bilan biznes va shaxsiy muvaffaqiyat bo‘yicha o‘zimiz boradigan treninglarga olib borishga harakat qilamiz. Masalan, Toni Robbinsga dastlab o‘zimiz bordik, keyin bizga qizimiz va uning turmush o‘rtog‘i qo‘shildi. Undan keyin esa o‘rtancha o‘g‘limizni yubordik. Kichik o‘g‘limiz bolalar tadbirkorligi bo‘yicha treningga otasi bilan bordi.

Biz nima uchun bunday qildik: tuzli bodringlar solingan banka to‘g‘risidagi nazariya haqida eshitganmisiz? Agar u yerga oddiy bodring solsangiz, u ham tuzli suvni o‘ziga singdirib oladi. Bolalar o‘z atrofidagi g‘oyalarni darhol o‘zlashtiradi. Agar bola asabiy, rag‘bat mavjud bo‘lmagan muhitda ulg‘aysa, bu ularning maqsadlari va dunyoqarashida aks etadi.

Bolalarni rivojlanish va dunyoni o‘zgartirishga harakat qiladigan insonlar doirasiga olib kirishni istaymiz. Bizning o‘zimiz ham ana shunday hamjamiyatlarning faol a'zosi ekanimizni ko‘rishlari biz uchun muhim».

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid