O‘zbekiston | 15:50 / 30.08.2018
32870
3 daqiqa o‘qiladi

Po‘lat Bobojonov Buxoroda IIV tizimidagi 5 nafar rahbarni ishdan oldi

Foto: IIV axborot xizmati

Ichki ishlar vaziri general-mayor Po‘lat Bobojonov rahbarligidagi Ishchi guruh joriy yilning 24-26 avgust kunlari Buxoro viloyatining barcha shahar va tumanlarida o‘rganish ishlarini olib bordi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar qilmoqda.

O‘rganishlar davomida ichki ishlar vaziri Kogon, Vobkent, G‘ijduvon, Shofirkon tumanlari hamda Buxoro va Kogon shahar ichki ishlar bo‘limlarida bo‘lib, ularda mavjud sharoitlar, shaxsiy tarkibning ma'naviy yetukligi hamda huquqiy savodxonligi, rahbar va xodimlarning xizmat vazifalari ijrosini tashkil etishning samaradorligi, tartib-intizomga rioya etish, aholidan kelib tushgan murojaatlarni o‘z vaqtida va sifatli ko‘rib chiqish ahvolini shaxsan o‘rgandi.

26 avgust kuni viloyat ichki ishlar boshqarmasida ichki ishlar vaziri P. Bobojonov boshchiligida kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuratura, viloyat hokimligi va ichki ishlar organlari mas'ul xodimlari ishtirok etdilar.

Yig‘ilish davomida egallab turgan lavozimiga noloyiq xatti-harakatlarni sodir etgan, sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini to‘laqonli anglab yetmasdan, bugungi kun talablariga javob bermaydigan eskicha ish uslubida xizmat qilayotgan Buxoro tumani IIB boshlig‘ining kadrlar bo‘yicha o‘rinbosari Sh.O‘rinov, Romitan tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari J. Qurbonov, Vobkent tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari A.Adizov, Olot tumani IIB boshlig‘ining xizmat bo‘yicha o‘rinbosari D.Hasanov, Qorako‘l tumani IIB boshlig‘ining yoshlar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari N. Yuldashov egallab turgan lavozimidan ozod etildilar.
 
Shuningdek, xizmat vazifalarini bajarishga mas'uliyat bilan yondashmagan qator rahbar va xodimlarga turli darajadagi intizomiy jazo choralari qo‘llanildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Xorazmda IIV tizimidagi 6 nafar rahbar ishdan olingandi.

Mavzuga oid